TOShKENT, 15 mar - Sputnik. 2019 yil 14-mart kuni mahkumlarning hamda qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar qildi.
Qonunga muvofiq, endilikda Inson huquqlari vakil (ombudsman)ning faoliyatiga to‘sqinlik qilish (yolg‘on axborot berish, murojaat, xulosa, taqdimnoma va iltimosnomalarni ko‘rib chiqmaslik, ko‘rib chiqish muddatini buzish, ishonchisiz ma’lumot taqdim etish) 1 mln 419 ming so‘mgacha bo‘lgan miqdorda ma’muriy jarima qo‘llanishiga sabab bo‘ladi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risidagi qonun Ombudsmaning qiynoqqa solish, boshqa g‘ayriinsoniy muomala va jazo turlarini oldini olish bo‘yicha faoliyatiga doir qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra Ombudsman, jumladan qamoqda turgan shaxsni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni, unga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatishni talab qilishi, qamoqda saqlash joylari ma’muriyatining g‘ayriqonuniy harakatlariga chek qo‘yish uchun zaruriy choralar ko‘rishi mumkin.
Jinoyat-ijroiya kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq esa:
- mahkum saqlanayotgan joylar sanitariya-gigiyena hamda qurilish normalari va talablariga mos kelishi kerak;
- mahkum o‘z murojaatiga ko‘ra, shuningdek kamida olti oyda bir marta tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi;
- mahkum shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganda tibbiyot xodimlari ushbu shaxslarning oldiga zudlik bilan kirishi ta’minlanishi kerak;
- qamoqxona ma’muriyati og‘ir kasallikka chalingan mahkumning roziligi bilan uning qarindoshlari yoki u ko‘rsatgan shaxslarga zudlik bilan bu haqda xabar berishi kerak;
- og‘ir kasallikka chalingan shaxsga telefon orqali qo‘shimcha so‘zlashishga, shifokor ruxsati bilan qo‘shimcha uchrashuvga ruxsat beriladi;
- shaxsning ruhiy holatdagi buzilishi oqibati hisoblangan qoidabuzarlik uchun mahkum intizomiy javobgarlikka tortilmaydi.