TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev “Humo Arena” muz saroyida olib borilayotgan so‘nggi pardozlash ishlarini ko‘zdan kechirdi, deb xabar qilmoqda prezident matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev majmuadan samarali foydalanish, ommaviy tadbirlar vaqtida fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, inshoot atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, ushbu muz sporti saroyi qurilishi loyihasi prezident tomonidan 2017-yil 3-fevral ma’qullanib, uning qurilishiga tamal toshi qo‘ylgan edi.
Majmua Toshkent shahrining Olmazor va Beshog‘och ko‘chalari kesishmasida, 9 gektar maydonda qurilgan. Zamonaviy muhandislik texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan “Humo Arena” majmuasidan 12,5 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli muz arenasi, 200 o‘rinli mashg‘ulotlar maydoni, trenajor zali, sport muzeyi va ko‘plab boshqa obyektlar o‘rin olgan.
Xumo Arena ochilish marosimi 15-mart kuniga belgilangan. Ochilish marosimiga O‘zbekiston prezidenti, vazirlar va hokimlar, diplomatik korpus vakillari, bir qator nufuzli xorijiy mehmonlar, taniqli xokkeychi va figurali uchuvchilar, jurnalistlar va estrada yulduzlari taklif qilingan.