Prankerlar Guaidoni chuv tushirishdi

Rossiyalik prankerlar Shveysariya prezidenti Uli Maurer nomidan Xuan Guaido bilan "muzokaralar" o‘tkazishdi.
Sputnik

TOShKENT, 14 mar – Sputnik. Rossiyalik prankerlar Vladimir Kuznetsov (Vovan) va Aleksey Stolyarov (Leksus) Shveysariya prezidenti Uli Maurer nomidan venesuelalik muxolifatchi Xuan Guaido bilan "muzokaralar" o‘tkazishdi.

“Uli Maurer” amaldagi Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroning go‘yoki Shveysariya bankida bo‘lgan millionlarini bloklab qo‘yishni va keyinchalik ushbu mablag‘larni Guaidoning shaxsiy hisobiga o‘tkazishni taklif qiladi. Shuningdek, “Shveysariya prezidenti” Guaido “davlat rahbari” sifatida ushbu mablag‘lardan foydalanish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi.

Xuan Guaido esa suhbatdoshiga nafaqat o‘z nomidan, balki barcha venesuelaliklar nomidan minnatdorchilik izhor etadi va mablag‘larni bloklash uchun so‘rov jo‘natishga rozilik beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuela hukumati AQSh diplomatlariga mamlakat hududini tark etishlari uchun uch kun muhlat bergani haqida xabar qilgan edik.