TOShKENT, 14 mar - Sputnik. Yengil vazn toifasida UFC chempioni rossiyalik Habib Nurmagomedov navbatdagi jangini 2019-yil sentabr oyida o‘tkazadi.
Shuningdek, amakivachchasi Abubakar Nurmagomedov va uning do‘sti Zubayra Tuxugov ham oktagonga qaytadi
“Men, Zubayra Tuxugov va Abubakar Nurmagomedov sentabr oyida jang qilamiz. Hozircha raqiblarimizning kim bo‘lishi ma’lum emas”, — deya uning so‘zlarini keltirdi jurnalist Azamat Bostanov o‘zining Instagram sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29-yanvar kuni AQShning Nevada shtatida Atletika komissiyasining UFC 229 jang oqshomida yuz bergan janjal yuzasidan sud eshituvi bo‘lib o‘tdi. Komissiya qaroriga ko‘ra, jang oqshomida janjal uyushtirgan Habib Nurmagomedov 9 oyga janglardan chetlatilib, unga 500 ming dollar miqdorida jarima to‘lash majburiyati yuklatilgan edi.
Shuningdek, Habibning amakivachchasi Abubakar Nurmagomedov va uning do‘sti Zubayra Tuxugov ham 1-yilga chetlatilib, ularga 25 ming dollardan jarima to‘lashlari belgilangan edi.