O‘zbekistonda naslli va sport otlariga pasport beriladi

“Ot pasporti”ni rasmiylashtirish uchun ot egasining o‘z mablag‘lari hisobidan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida to‘lov to‘lanadi.
Sputnik

TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Hukumatning  2019 yil 12-martdagi qarori bilan Naslli va sport otlariga “Ot pasporti”ni berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanali xabar qildi.

O‘zbekistonda bolalar ot sporti maktablari tashkil etiladi

Nizomga muvofiq, “Ot pasporti” ot egasining xohishiga ko‘ra beriladi.

Naslli va sport otlarining auksionlarda, ko‘rgazmalarda, milliy va klassik ot sporti o‘yinlarida, sport musobaqalarida ishtirok etishi, shuningdek, otlardan xizmat otlari sifatida foydalanish ushbu pasport mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshiriladi.

Naslli va sport otlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirib borish va naslli otlarning Davlat naslchilik kitobini yuritish O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

“Ot pasporti”ni rasmiylashtirish uchun ot egasining o‘z mablag‘lari hisobidan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida to‘lov to‘lanadi.

To‘langan to‘lov Yilqichilik va ot sportini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Mazkur pasport federatsiya buyurtmanomasiga asosan tayyorlanadi hamda naslli va sport otlarining butun umri davomida amal qiladi.

“Ot pasporti” 10 ish kunida rasmiylashtiriladi va ot egasiga taqdim etiladi.