Yana bir o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi qiz jahon rekordini o‘rnatdi

Las-Vegas shahrida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik Kumushxon Fayzullayeva musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritib, o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordlarini o‘rnatdi.
Sputnik

TOShKENT, 13 mar — Sputnik. Las-Vegas shahrida davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida qizlar o‘rtasida -64 kilogramm vazn toifasida supachaga chiqqan o‘zbekistonlik Kumushxon Fayzullayeva musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritibgina qolmasdan, o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordlarini ham o‘rnatdi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Kumushxon Fayzullayeva dast ko‘tarish mashqida 93 kg, siltab ko‘tarish mashqida esa 122 kg natija qayd etdi.

“Ikki kurashda 215 kilogramm jamg‘ara olgan sportchimiz ushbu vazn toifasining siltab ko‘tarish va ikki kurash yo‘nalishlari bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon rekordlarini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi”, - deyiladi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.

Las –Vegasdagi o‘smirlar o‘rtasidagi JCh meksikalik Keysi Roxas (195 kg) 2-o‘rinni, ruminiyalik Mixaela Ilie esa (190 kg) 3-o‘rinni egallagan.

O‘zbekistonlik 14 yoshli og‘ir atletikachi mutlaq jahon chempioni bo‘ldi

Kumushxon Fayzullayeva yozda Toshkentda mezbonlik qilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham zafar quchib, o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi qizlar orasida ilk bor chempionlikni qo‘lga kiritgan sportchiga aylangan. Shuningdek, 2018-yil oktabr oyida Argentinada o‘tgan o‘smirlar Olimpiadasida ham unga teng keladigani topilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Las-Vegasda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik Nigora Abdullayeva 49 kg vazn toifasida mutlaq jahon chempioni bo‘lgani haqida xabar qilgan edik.