O‘zbekiston Shveysariya poyezd va elektrichkalarini sotib olmoqchi

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida Shveysariyaning Stadler kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 12 mar – Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida Shveysariyaning Stadler kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar qildi.

O‘zbekiston poyezdlari dunyoning eng tezurar poyezdlari reytingidan joy oldi

Uchrashuvda vagonsozlik yo‘nalishi bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, O‘zbekistonda yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish hududdini tashkil etish, Markaziy Osiyo bo‘yicha eksportni yo‘lga qo‘yish kabi bir qator istiqbolli loyihalar muhokamasi bo‘ldi. 

“Tadbirda o‘zbekistonlik mutaxassislar tomonidan Stadler kompaniyasining zamonaviy texnika va texnologiyalarini sanoat korxonalarida joriy etish, elektrovozning asosiy tortish tizimi, butlovchi qismlarini mamlakatimizga yetkazib berish borasida takliflar bildirildi. Yig‘ilishda Shveysariyada tayyorlangan zamonaviy metro poyezdlari va elektrichkalar harakatini O‘zbekistonda joriy etish borasida ham so‘z bordi”, - deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuv so‘nggida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga ham erishildi.