Maktablarda bahorgi ta’til vaqti e’lon qilindi

Ta’til kunlari davomida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi
Sputnik

TOShKENT, 12 mar - Sputnik. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida bahorgi ta’til 2019-yil 21-martdan boshlanib 27-mart kuni yakunlanadi, deb xabar qildi Xalq ta’limi vazirligi.

O‘zbekistonda maktablar reytingi o‘quvchilar savodxonligi orqali shakllantiriladi

Xabarda aytilishicha, joriy yilning 28-mart kuni IV chorakning birinchi kuni hisoblanadi.

Ta’til kunlari davomida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida qator ishlar amalga oshiriladi.

Jumladan, ta’til kunlarida o‘quvchi-yoshlar uchun sport seksiyalari va “Barkamol avlod” bolalar markazlarida to‘garaklar o‘quvchilar ixtiyorida bo‘ldi. Shuningdek, joriy yilning 23-26 mart kunlari Samarqand shahrida “Ilm-fan – kelajak poydevori” shiori ostida "Qizlarjon" o‘quvchi-qizlar sammiti tashkil etiladi.

Qolaversa, 5-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida fanlar bo‘yicha bilimlar bellashuvining tuman (shahar) bosqichi, 9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasidagi fan olimpiadalarining 3-bosqichi o‘tkaziladi hamda "Biz buyuk Vatan farzandlarimiz" shiori ostida ta’lim muassasalarining boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida "Bolajonlar sport jamoalari", "Yoshlik sport jamoalari" sport musobaqalarining tuman (shahar) bosqichi o‘tkaziladi.

Barcha ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishga qaratilgan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, intellektual musobaqa va ko‘rgazmalar tashkil etiladi.