Samarqandda dabdabali to‘y korteji haydovchilari jarimaga tortildi

Samarqand viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi axborotiga ko‘ra, 2018-yilda jami 184 ta to‘y kortejlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlangan va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.
Sputnik

TOShKENT, 9 mar - Sputnik. Samarqandda to‘y korteji haydovchilari eng kam ish haqining uch baravari miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortildi, deb xabar qildi STV teleradiokompaniyasi.

To‘y kortejlariga qarshi chiqqan Yoshlar Ittifoqining o‘zi kortej uyushtirdi...

Joriy yil 21 fevral kuni Samarqand viloyati, Toyloq tumani M-39 avtomobil yo‘lining 1089 kilometrida "Sochak" aholi yashash joyida jami sakkizta "Kaptiva” va bitta "Mersedes Bens” rusumli avtomashinalar guruh-guruh bo‘lib harakatlanib, yo‘l harakati qoidasini qo‘pol ravishda buzgan hamda orqa tomondagi transport vositalari haydovchilariga noqulayliklar tug‘dirgan.

Kortej orqasidan kelayotgan haydovchilar ushbu to‘y kortejini tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan. 

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu qoidabuzar haydovchilarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, avtomashinalar jarima maydonchasiga qo‘yilgan.

Qoidabuzarlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy kodeksining 129-moddasiga asosan (eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida), ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Samarqand viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, viloyat hududiga 2018-yilda jami 184 ta to‘y kortejlari bilan bog‘liq qoidabuzarliklar aniqlangan va ularga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.