Toshkent avtobus saroylari tashqi boshqaruvga o‘tishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 1-iyuliga qadar Toshkentda yo‘lovchi transport tizimining yangi Konsepsiyasini ishlab chiqarishni buyurdi.
Sputnik

TOShKENT, 8 mar - Sputnik. "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati faoliyati tubdan takomillashtiriladi.  Xususan uning Toshkent avtobus saroylaridagi ulushi o‘zga kompaniyalar ishonchli boshqaruvga yoki xususiy kompaniyalarga sotilishi mumkin.

Bu haqida Shavkat Mirziyoyev 6-mart kuni imzolagan "Yuk va yo‘lovchi tashish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi" qarorning "yo‘l xaritasida" aytib o‘tilgan.   

Unda aytilishiga ko‘ra, 2019-yilning 1-iyuliga qadar Toshkent shahar hokimligi va "Toshshahartransxizmat" AJ poytaxtda yo‘lovchi transporti faoliyatini tubdan takomillashtirish uchun Konsepsiya loyihasini ishlab chiqishi kerak. Loyihaga dunyoning ushbu sohada yetakchi kompaniyalarini jalb qilish ham nazarda tutilgan. 

Taklif etilayotgan o‘zgarishlardan yana biri – Toshkent yo‘lovchi transporti to‘lov tizimini to‘liq avtomatlashtirish. Ushbu maqsadga 50 million dollar yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda "Toshshahartransxizmat" AJ tarkibiga 9ta avtobuslar saroyi kiradi. So‘ngi yillar davomida Toshkent yo‘lovchi transporti tizimi ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Bunga sabab – haydovchilarning yetarli kvalifikatsiyaga ega bo‘lmagani, avtobuslar nosozligi va eskirishi bo‘lmoqda.