TOShKENT, 5 mar – Sputnik. Qozog‘istonlik chegarachilar "Gazel" kuzovida qo‘lbola yasalgan "tuynuk" yordamida Rossiya Federatsiyasiga kirib borishga uringan O‘zbekiston fuqarolarini aniqlashdi. Mashinani Rossiya fuqarosi boshqargan.
Bu haqda Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati matbuot-xizmati xabar qilmoqda.
Hodisa seshanbaga o‘tar kechasi G‘arbiy-Qozog‘iston viloyatida yuz bergan.
"Gazel" avtomashinasi Rossiya fuqarosi boshqaruvida Toshkent - Samara marshruti bo‘yicha harakatlanayotgan bo‘lgan. Nolegallarni avtomobil tashqi va ichki o‘lchamlarining nomuvofiqligi, shuningdek, kuzov ichida yangi obshivkaning mavjudligi "sotib qo‘ygan". Avtomobilning ichki qismi tekshiruvdan o‘tkazilganda, kuzov ichida yashirin tuynukda uch nafar o‘zbekistonlik yashirinib o‘tirgani aniqlangan.
O‘zbekiston fuqarolari ularga Rossiyaga kirish ta’qiqlangani tufayli mana shu tarzda chegarani kesib o‘tishga urinishgani aytilmoqda.