TOShKENT, 5 mar – Sputnik. GM Uzbekistan kompaniyasining Nurafshon shahrida joylashgan “Nurafshon Avtocentr” avtosaloni xaridorlarga avtomobil xaridi jarayonida qulaylik yaratish maqsadida Kupicar.uz yangi savdo platformasini ishga tushirdi, deb xabar qilmoqda kompaniya matbuot xizmati.
Xabarda keltirilishicha, Kupicar.uz bilan avtomobil xarid qilish yanada oson bo‘ldi. Buning uchun xaridor mazkur sayt orqali o‘zi istagan avtomobilning pozitsiya va rangini tanlaydi va saytda buyurtma qoldiradi. Mazkur buyurtma asosida avtosalon vakili xaridor bilan bog‘lanib, avtomobil bo‘yicha shartnomani xaridor ko‘rsatgan manzilga yetkazib berilishini ta’minlaydi. To‘lov amalga oshirilgach, avtomobil xaridorning buyurtmasi asosida shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda ishlab chiqariladi hamda avtosalonga yetkaziladi.
Dastlabki bosqichda Kupicar.uz orqali faqat Toshkent shahri aholisi avtomobil xarid qilishi mumkin, keyinchalik esa mazkur xizmat respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari mazkur platforma orqali xaridor o‘zi xarid qilish istagida bo‘lgan avtomobilni test-drayvdan o‘tkazish imkoniga ham ega bo‘ladi, bu esa xaridorga bo‘lg‘usi avtomobili haqida yanada ko‘proq taassurot olish imkonini beradi.
O‘zbekistonga o‘z “xalq avtomobili” kerak
Eslatib o‘tamiz, avvalroq GM Uzbekistan Tracker va Malibu avtomobillariga foizsiz to‘lov muddatini 2 yilga uzaytirgani haqida xabar qilgan edik.