Abdulaziz  Kamilov “Tolibon” rahbariyati bilan uchrashdi

Mulla Barodar Axund transport, energetika va ta’lim sohalaridagi muhim iqtisodiy loyihalarni Afg‘onistonda amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslarini ijobiy baholadi.
Sputnik

TOShKENT, 5 mar - Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatarning Doha shahrida “Tolibon” harakati siyosiy ofisi rahbari mulla Barodar Axund bilan amaliy uchrashdi, deb xabar qilmoqda TIV matbuot xizmati. Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev ham ishtirok etdi.

Rossiya "Tolibon" vakillari Afg‘onistondagi saylovlarda ishtirok etishini xohlamoqda

Mulla Barodar Axund O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashishga qaratilgan siyosatini yuqori baholadi. U o‘tgan yilning mart oyida o‘tkazilgan hamda afg‘on mojarosini tinch yo’l bilan hal etish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarning faollashishiga kuchli turtki bergan Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasi ahamiyati va yakunlarini ham alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari «Tolibon» harakati rahbariyati vakili transport, energetika va ta’lim sohalaridagi muhim iqtisodiy loyihalarni Afg‘onistonda amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston tashabbuslarini ijobiy baholadi.

Mulla Barodar qayd etishicha, O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda to‘la qonli siyosiy jarayon boshlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. Natijada Afg‘oniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida «ishonch va hamkorlik ko‘prigi» bo‘lishi mumkin.

“Tolibon” rahbariyati vakili Afg‘onistonda tinchlik jarayonini yanada taraqqiy ettirish borasida O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini ma’lum qildi.