TOShKENT, 4 mar — Sputnik. Chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy va vaqtincha propiska qilish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar qilindi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashashga ruxsat olish uchun arizaga ilova qilinadigan uy-joy mulkdorining turar joy maydoni berishi to‘g‘risidagi arizasi o‘zi borib berilganda notarial tasdiqlanishi talab etilmaydi.
Shuningdek, Respublikaning boshqa mintaqalaridan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan hamda yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar doimiy propiskani rasmiylashtirish uchun ariza berganlarida arizaga ilova qilinadigan uy-joy hujjatlari notarial tasdiqlanishi talab qilinmaydi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra doimiy propiska qilish rad etilgan taqdirda uch sutka mobaynida arizachi Toshkent shahri yoki Toshkent viloyati hududini tark etishi shart.
Quyidagilar bundan mustasno:
- turar joy sotib olinganda;
- yaqin qarindoshlar (er, (xotin), ota-ona, farzandlar) mavjud bo‘lganda;
- vasiylar (homiylar) mavjud bo‘lganda;
- mehnat faoliyati bilan shug‘ullanganda, ta’lim muassasalarida o‘qiganda;
- davolash muassasalarida davolanayotganda.