Ekstremistlarni ta’minlayotgan "ozuqa muhitini" bartaraf etishda davom etish kerak - Kamilov

Kamilov O‘zbekistonning IHT va uning tuzilmalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini hamda ularga musulmon davlatlarining teng huquqli muloqoti uchun maydon sifatida qarashini qayd etdi
Sputnik

TOShKENT, 2 mar - Sputnik. Biz Islom hamkorlik tashkilotining terrorizmga qarshi turishda ekstremistlarni ta’minlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muhitni bartaraf etish borasidagi ishlarini yuqori baholaymiz va bu ishlarni davom ettirish kerak deb hisoblaymiz, dedi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqida.

Islom hamkorlik tashkiloti

Vazir O‘zbekistonning IHT va uning tuzilmalari bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini hamda ularga musulmon davlatlarining teng huquqli muloqoti uchun maydon sifatida qarashini qayd etdi.

"Biz tashkilotimizning terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholaymiz. Terrorizmga qarshi turishda nafaqat terrorning har qanday ko‘rinishini yo‘q qilish, balki bir vaqtning o‘zida ekstremistlarni ta’minlayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muhitni bartaraf etish borasidagi ishlarni ham davom ettirish kerak deb hisoblaymiz. Shu nuqtayi nazardan IHT Bosh Kotibiyati tomonidan a’zo davlatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, qashshoqlikka qarshi kurashga, ta’limni rivojlantirish va inson huquqlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovor", - dedi Kamilov.

TIV rahbari IHT TIVK kun tartibiga kiritilgan muhim masalalar, jumladan Afg‘onistonda keng miqyosli tinchlik jarayonini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish borasidagi O‘zbekistonning mavqeyini bildirib o‘tdi.