O‘zbekistonda 2018-yilda Ombudsmenga qamoqda saqlanayotgan shaxslardan 909 murojaat tushgan

Ombudsmen huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotganlarga va mahkumlarga nisbatan noqonuniy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi shikoyatlarga e’tibor qaratgan. 2018-yilda Ombudsmenga bu borada 101 shikoyat kelib tushgan
Sputnik

TOShKENT, 1 mar - Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n sakkizinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsmen)ning 2018-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi, deb xabar qildi O‘zA.

Unda Ombudsmen Ulug‘bek Muhammadiyev jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar tashkil etilayotgani, bu jarayonda qamoqda saqlanayotgan shaxslar bilan jamoaviy uchrashuvlar va yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazilganini qayd etgan.

Qonun ustuvorligi reytingida O‘zbekiston nechanchi o‘rinda?

2018 yilda qamoqda saqlanayotgan shaxslardan 909 murojaat tushgan, Ombudsmen telefon raqamiga ilk marta 30 ta og‘zaki murojaat tushgan.

Hisobot davrida tushgan murojaatlarning 816 tasi sudning hukmiga (725 ta) va tergov tadbirlarining borishiga (91 ta) norozilik bilan bog‘liq bo‘lgan.

Qamoqda saqlanayotgan shaxslar murojaatlarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ularning 15 nafari yaxshi tomonga jiddiy o‘zgargani tufayli shartli ravishda muddatidan oldin ozod etilgan yoki ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tashdan to‘liq ozod etilgan.

Ombudsmen huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotganlarga va mahkumlarga nisbatan noqonuniy ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi shikoyatlarga e’tibor qaratgan. 2018-yilda Ombudsmenga bu borada 101 shikoyat kelib tushgan.

Ushbu shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun protsessual normalarni hisobga olgan holda ular O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga va Oliy sudiga yuborilgan. Mazkur shikoyatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish va qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida 4 ta qaror qabul qilingan. 7 ta shikoyat bo‘yicha xizmat tekshiruvi belgilangan. 49 ta holatda shikoyatda bayon etilgan axborot o‘z tasdig‘ini topmagan, 25 ta murojaat protsessual tartibda sudga yuborilgan va 16 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.

Hisobot bo‘yicha Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova ma’ruzachiga "Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qiynoqlar bilan bog‘liq shafqatsiz, g‘ayriqonuniy holatlarga hamon yo‘l qo‘yilayotgani O‘zbekiston obro‘siga putur yetkazmoqda. Bu holatlar chek qo‘yish uchun nima yetishmayapti? Bu borada qanday yordam kerak?", degan savoliga Muhammadiyev "Bu borada o‘zaro hamkorlikka asoslangan dasturlar tasdiqlangani, lekin ayrim jihatlari bajarilmagani, 2019-yilda bu alohida e’tiborga olinishi, huquqni muhofaza qiluvchi, xususan, ichki ishlar organlari xodimlari bilan maxsus seminarlar o‘tkazilishini" aytgan.