“O‘zbekiston temir yo‘llari” xalqaro yo‘nalishlar uchun 55 foizgacha chegirmalar joriy etdi

Chegirmalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Qazakstan temir jo‘li milliy kompaniyasi” AJ, “Rossiya temir yo‘llari” OAJ temir yo‘li ma’muriyati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 27 fev – Sputnik. Uzoq masofalarda harakatlanuvchi poyezdlarda yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida chegirma va imtiyozlar joriy etildi, deb xabar qildi "O‘zbekiston temir yo‘llari" matbuot xizmati.

O‘zbekistonda 1-martdan temir yo‘llari chipta narxi oshadi

Qayd etilishicha, yo‘lovchilar Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududlaridan o‘tadigan xalqaro yo‘nalishdagi poyezdlarda mazkur chegirmalardan foydalanishi mumkin. 

 Muddatidan oldin chiptani xarid qilish vaqti bo‘yicha quyidagilar belgilanadi:

- chipta poyezdning jo‘nash kunidan 45—41 kun oldin xarid qilinsa, SV va kupe vagonlar uchun 55 foiz;

-  chipta poyezdning jo‘nash kunidan 40—31 kun oralig‘ida xarid qilinsa, SV va kupe vagonlar uchun 45 foiz;

-  chipta poyezdning jo‘nash kunidan 30—6 kun oldin xarid qilinsa, SV va kupe vagonlar uchun 35 foiz

- chipta poyezdning jo‘nash kunidan 45—41 kun oldin xarid qilinsa, plaskart  vagonlar uchun 45 foiz;

- chipta poyezdning jo‘nash kunidan 40—31 kun oralig‘ida xarid qilinsa, plaskart vagonlar uchun 35 foiz;

- chipta poyezdning jo‘nash kunidan 30—6 kun oralig‘ida xarid qilinsa, plaskart vagonlar uchun 25 foiz.

Poyezd jo‘nashiga qancha kam vaqt qolishiga qarab chegirmalar ham kamayib boradi. Besh kun qolganda esa chiptalar belgilangan narxda sotiladi. Belgilangan chegirmalar mahalliy yo‘nalishlarda joriy etilmaydi.

Yuqoridagi imtiyozlar, chegirmalar “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Qazakstan temir jo‘li milliy kompaniyasi” AJ, “Rossiya temir yo‘llari” OAJ temir yo‘li ma’muriyati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Hozirda yo‘lovchi poyezdlari Toshkent—Moskva, Andijon—Moskva, Toshkent—Qozon, Toshkent—Urganch—Volgagrad, Toshkent—Urganch—Moskva, Toshkent—Urganch—Saratov, Toshkent—Novosibirsk, Toshkent—Ufa, Toshkent—Chelyabinsk, Toshkent—Olmaota, Nukus—Beyneu hamda Nukus—Olmaota yo‘nalishlarida qatnamoqda. Shuningdek, Toshkent—Bishkek—Baliqchi, Samarqand—Ostona mavsumiy yo‘nalishlari ham mavjud. Bundan tashqari aksiyadorlik jamiyati tomonidan xalqaro kelishuv asosida O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi Kulob—Moskva, Dushanbe—Moskva va Xo‘jand—Moskva yo‘nalishlarida qatnayotgan yo‘lovchi poyezdlariga ham xizmat ko‘rsatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” 2019-yilning 1-martidan boshlab “Afrosiyob” tezurar poyezdlaridan tashqari barcha mahalliy yo‘nalishlarda qatnovchi yo‘lovchi poyezdlar chiptalarining narxi 20% ga oshishini ma’lum qilgani haqida xabar qilgan edik.