Halima xalqdan uzr so‘radi, u o‘z litsenziyasini qaytarishga harakat qiladi

"O‘zbekkonsert" xodimining so‘zlariga ko‘ra, bu singari holat aktrisa Halima Ibragimova bilan har yili takrorlanadi. Ammo aktrisa uyushmada o‘tkazilgan yig‘ilishda, san’atkor odobiga rioya etmaganini tan olgan va "O‘zbekkonsert" xodimlari hamda xalqdan kechirim so‘rashga ulgurgan
Sputnik

TOShKENT, 27 fev - Sputnik. Aktrisa Halima Ibragimova olib qo‘yilgan litsenziyasini qaytarishga harakat qiladi, faqat bir oz vaqtdan keyin, deb ma’lum qildi Sputnik muxbiriga aktrisaning administratori.

Aktrisa Halima Ibragimovaning xonadoniga hujum qilishdi

"O‘zbekkonsert" vaqtincha Halimaga tanaffus qilishni maslahat berdi. Yaqin orada aktrisa oshqozonini operatsiya qildiradi. Shu bois u uchun hozir dam olish zarur",  dedi administrator va reabilitatsiyadan so‘ng aktrisa yana albatta ijodga qaytishga harakat qilishini qo‘shimcha qildi.

Bir necha kundan avval ijtimoiy tarmoqlarda aktrisa Halima Ibragimovaning so‘kingani tasvirlangan videolar tarqalgan edi.

"O‘zbekkonsert" xodimining so‘zlariga ko‘ra, bu singari holat aktrisa Halima Ibragimova bilan har yili takrorlanadi. Ammo aktrisa uyushmada o‘tkazilgan yig‘ilishda, san’atkor odobiga rioya etmaganini tan olgan va "O‘zbekkonsert" xodimlari hamda xalqdan kechirim so‘rashga ulgurgan.

Eslatib o‘tamiz, "O‘zbekkonsert" bilan tuzgan litsenziya talablari va shartlari qo‘pol ravishda buzilgani, ya’ni o‘tkazilgan konsert dasturlarida muassasaga topshirilgan ssenariydan chetga chiqib, milliy urf-odatlar, odob-ahloq, ma’naviy qadriyatlarga yot bo‘lgan, fahshni targ‘ib qiluvchi hajviyalar orqali o‘zbek so‘z san’ati obro‘siga putur yetkazayotgani, ijtimoiy tarmoqlarda san’atkor odobiga rioya etmagani uchun so‘z ustalari - "BRAVO"  guruhi va Halima Ibragimovaning litsenziyalari 2019-yilning 26-fevral kunidan amal qilishi tugatilgan edi.