Test sinovlarida asosiy o‘zgarishlar nimadan iborat bo‘ladi - DTM direktori javobi

2019-2020 o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida asosiy yangiliklar nimadan iborat bo‘lishi haqidagi savollarga DTM direktori Majid Karimov javob berdi.
Sputnik

TOShKENT, 25 fev – Sputnik. Bu yil O‘zbekistonda test sinovlari yangicha tartibda bo‘lib o‘tadi. Test sinovlarini takomillashtirish haqidagi qonun loyihasi bir necha kun oldin e’lon qilingan edi. 

Davlat test markazi direktori Majid Karimov “Xalq so‘zi” nashriga 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab ushbu o‘zgarishlarning qaysi biri qo‘llanilishi haqida so‘zlab berdi. Eng asosiy va ko‘p savollar tug‘dirayotgan o‘zgarishlar quyidagilar bo‘ldi.

Hujjat topshirish pulli bo‘ladimi?

Joriy yilda maktab, litsey yoki kollejni bitirganlar uchun test sinovlari bepul bo‘ladi.

Bu yil ikkinchi, uchinchi yo undan ko‘p marotaba hujjat topshirayotganlar eng kam ish haqqining bir baravari miqdorida (202730 so‘m) to‘lov to‘lanadi.

Nega to‘lov qilinyapti?

Test sinovlarini sifatli o‘tkazish va shu bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash maqsadida. Ushbu mablag‘lar test bo‘lib o‘tadigan binolarning ijara to‘lovi, konditsionerlar, shaxsni aniqlash va kuzatuv zamonaviy kameralari, ota-onalar kuzatuvi uchun monitorlar, abituriyentlarni ichimlik suvi va ruchka bilan ta’minlashga sarflanadi.

Test sinovlarida 1,2-1,3 mln abituriyent ishtirok etsa, shundan 700 mingi yangi bitiruvchilar bo‘ladi.

Nechta oliygohga hujjat topshirish mumkin bo‘ladi?

Abituriyentlar bir vaqtning o‘zida, parallel ravishda uchta oliygohga hujjat topshirishi mumki bo‘ladi. Uchta oliygoh tanlagan “eski abituriyentlar” ham test sinovlari uchun faqat bir marotaba to‘lov amalga oshiradi.

Hujjat topshirish va to‘lov tartibi

Endi har bir abituriyent o‘z hududidagi Davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshiradi. Agentlik hujjatlar qabul qilib olishda qo‘shimcha to‘lov talab qiladi. Hozircha bu summa taxminan 10-20 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Testlarda 5ta fandan imtihon topshiriladimi?

Bu masala loyiha ko‘rinishida turibdi va joriy yilda emas, keyingi o‘quv yili uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida qo‘llaniladi.

Texnik yoki matematikka ona tili yoki sohaga oid bo‘lmagan fanlar nega kerak? 

DTM mutasaddilariga ko‘ra, bunday talablar birinchi navbatda davlat granti asosida o‘qish istagida bo‘lganlar uchun. Ya’ni davlat ajratgan grantga ilinish istagida bo‘lgan har qanday abituriyent ona tilini va sohasiga bevosita aloqador bo‘lmasa-da, maktabda o‘tiladigan fanlardan xabardor bo‘lishi lozim.

Abituriyentning ballari endi uch yilgacha “kuymaydi“

Endilikda abituriyentga test sinovida to‘plagan ballari haqida sertifikat beriladi. Bu 3-yilga qadar amal qiladi. Kelgusi yillarda mazkur ball kirish uchun yetarli bo‘lgan taqdirda u talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda 3-yil ichida EKIHni qayta to‘lash ham shart bo‘lmaydi.

Test sinovidagi savollarda bo‘layotgan o‘zgarishlar

Joriy yildan boshlab Tarix fanidan atlas va kontur xaritalar bo‘yicha savollar qo‘shiladi. Bu borada nega kech e’lon qilinyapti, degan savolga DTM mutasaddilari “bularning barchasi darsliklar bor bo‘lgan ma’lumotlar asosida tuzilganini bildirdi. Ya’ni yaxshi o‘quvchi maktab darsligida tarixdan atlas va kontur xarita haqida ma’lumoti bo‘lishi kerak. Bu DTMning test dasturida avvaldan bo‘lgan, shu paytgacha texnik imkoniyatlar yetarli bo‘lmagani, chop etishdagi imkoniyatning cheklangani uchun bunday savollar kiritilmagan.

CEFR imtihonini qachon topshiramiz?

Eng ko‘p savol aynan shu mavzuda bo‘lmoqda. DTM vakillarining ma’lum qilishicha, ayni vaqtda xorijiy tajriba asosida bu kabi imtihonlarni olishda yagona tartib ishlab chiqilgan va Vazirlar Mahkamasiga qaror loyihasi taqdim etilgan. Qaror loyihasi kechikayotganligi sababli CEFR imtihoni uchun ro‘yxatga olish to‘xtab turibdi. Qaror tez orada chiqadi va bu ro‘yxatga olish boshlanib ketadi.

Imtihonlar qanchalik shaffof o‘tadi?

Imtihonlar o‘tadigan xonalar to‘liq translyatsiya qilinadi. DTM vakillarining aytishicha, o‘tgan yilgi Samarqandda va boshqa hududlarda kuzatilgan texnik nosozliklar bu yil qaytarilmasligi uchun imkon qadar harakat qilinadi. Har bir ota-ona o‘z farzandini qanday imtihon topshirayotganini kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Savollarni kim tuzadi?

Savollar xalq ta’limi vazirligi va tegishli vazirlik tomonidan saralab olingan komissiya tomonidan tuziladi. Tayyor bo‘lgach ham bir necha marotaba qayta qayta ekspertizadan o‘tkaziladi. Maktab dasturidan chetga chiqqan savollar bo‘lmaydi.