TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlarda yangi video tarqaldi. Videoda erkak kishi o‘zbek tilida O‘zbekistonga “rezina” tuxum kirib kelganini ma’lum qiladi.
“Xitoy tuxumlari chiqqan deyishgan edi. Qaranglar, mana endi O‘zbekistonga ham kirib kelibdi. Bu “O‘rikzor” bozoridan olingan tuxum. Hozir uni kesib ko‘raman, tuxum sarig‘i rezinaga, koptokka o‘xshaydi. Ehtiyot bo‘linglar, Toshkentga ham kirib kelibdi”, - deya izohlaydi video muallifi.
Qo‘liga tuxum sarig‘ini olganda , u koptokka o‘xshab dumalab ketadi.
Eslatib o‘tamiz, 18-fevral kuni Internetda Qirg‘izistonda “rezina” tuxum paydo bo‘lganligi haqidagi xabar qizg‘in muhokama qilindi. Qirg‘iziston fuqarosining so‘zlariga ko‘ra, pishirilgan tuxum sarig‘i “rezina” bo‘lib chiqadi. Uning fikriga ko‘ra, bu tuxumlar Xitoyda ishlab chiqarilgan. Sputnik Qirg‘iziston agentligi ushbu masala yuzasidan Qirg‘iziston parrandachilik uyushmasi raisi Rustam Osmonaliyevga murojaat qildi. Osmonaliyev uyushmaga bir necha marta kelib chiqishi noma’lum va sifati qoniqarsiz bo‘lgan tuxumlar O‘zbekiston hududidan kelayotganligi haqida xabar berilgani haqida ma’lum qiladi.
“Rezina” tuxum sotish boshlandimi – qirg‘izistonlik ekspertning javobi
Sputnik O‘zbekiston agentligi esa o‘z o‘rnida ushbu holatga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Veterinariya qo‘mitasiga murojaat qildi. Qo‘mitada bu ayblovlarni rad etishdi. O‘zbekistondan tuxum Afg‘oniston, Tojikiston va Eronga eksport qilinishi, shuningdek, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga faqat kombikorm, qurt va biogumus o‘g‘it eksport qilinishini ma’lum qilingan edi.
O‘zbekiston Qirg‘izistonga "rezina" tuxum yetkazib berilgani haqidagi xabarni rad etdi
19 fevral kuni Qirg‘iziston Veterinariya va fitosanitariya bo‘yicha davlat inspeksiya rahbari Kalisbek Jumakanov qizg‘in bahsga sabab bo‘lgan “rezina” tuxumlar O‘sh shahriga Issiqko‘l viloyatidan keltirilgani aniqlangani va mahsulot tarkibini aniqlash maqsadida uni laboratoriyaga topshirlaganini ma’lum qilgan edi.