TOShKENT, 21 fev - Sputnik. Xorazm viloyati Xonqa tumanining “Olaja” qishlog‘i “Oydin Hayot” mahallasidagi yashirin sexda 17 tonnadan ortiq neft mahsulotlari saqlanayotgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Ushbu maxfiy sex xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, «Yangi turmush» mahallasida yashovchi H.B. bu yerda bitum mahsulotini ishlab chiqarayotgani, biroq sexga tegishli hech qanday hujjatlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, nonuniy tartibda dalolatnoma tuzilib, xolislar ishtirokida yashirin sexda mavjud bo‘lgan 16 turdagi, jami umumiy qiymati 35 mln. 893 ming so‘mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida vaqtincha olib qo‘yildi.
Xabarda ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar tegishliligi bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Xonqa tumani bo‘limiga yuborilgani ma’lum qilingan.