TOShKENT, 21 fev – Sputnik. “O‘zdavkarantin” Qozog‘istonning O‘zbekistondan anor olib kirishga qo‘ygan taqiqi bo‘yicha bayonot berdi.
Xabarda aylishicha, Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan xabarda (20 fevral) qayd etilishicha, 2018-yil va joriy yilning yanvar-fevral oylarida Qirg‘izistondan Qozog‘istonga olib kirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari karantin ko‘rigidan o‘tkazilganda 465 ta holatda fitosanitariya talablari buzilganligi, jumladan, 59 holatda karantindagi zararli organizmlar mavjudligi aniqlangan.
Shuningdek, Qozog‘iston karantin xizmati O‘zbekistondan 2018-yilda ikki holatda (22 oktabrda 684 kg va 31-oktabrda 615 kg) jo‘natilgan anordan Komstok qurti borligi aniqlanganini ma’lum qilgan.
Xalqaro fitosanitariya nazoratini amalga oshirish tajribasiga ko‘ra, ko‘rik jarayonida o‘simlik va o‘simlik mahsulotlarida karantindagi zararli organizmlar aniqlansa, zudlik bilan eksport qiluvchi davlatning karantin xizmatiga ma’lum qilinadi.
“Ayni paytda nima sababdan Qozog‘iston karantin xizmati anordan Komstok qurti aniqlanganidan qariyb 120 kun o‘tib bu haqda ma’lum qilgani hamda ushbu mahsulot importiga vaqtincha taqiq qo‘ygani o‘rganilmoqda va muzokaralar olib borilmoqda”, - deyiladi xabarda.
O‘zbekistonning anor mahsuloti asosan Rossiya bozorlariga yetkaziladi (ko‘p hollarda Qozog‘iston O‘zbekiston anorlarini Rossiyaga reeksport qiladi).
Mamlakat eksportorlariga hozirda anor mahsulotini Rossiya va boshqa mamlakatlarga Qozog‘iston hududi orqali tranzit tarzida olib o‘tishlarida hech qanday to‘siqlar mavjud emasligini ma’lum qilindi.