Nikoh shartnomalarini majburiy qilish haqida qonun loyihasi kiritildi

Sputnik mushtariylarining 75 %dan ortig‘i nikoh shartnomalarini majburiy qilish borasida ijobiy  fikr bildirgan.
Sputnik

TOShKENT, 18 fev – Sputnik. Namangan viloyat hokimligi Oila kodeksiga o‘zgartirish kiritish tashabbusi bilan chiqdi. Hokimiyat hususan nikohlanuvchilar o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzishni majburiy qilib belgilash haqida taklif kiritdi. 

Hokimiyat kiritgan taklifiga ko‘ra,  kelin va kuyov o‘rtasida nikoh shartnomasi tuzilgan holatda - ularning nikohi FHDYo organida qayd etilishi mumkin bo‘ladi.

Bugungi kunda nikoh shartnomasi - er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi hisoblanib, hozirgi kunda uni tuzish ixtiyoriydir.

O‘zbekistonda nikoh shartnomasi majburiy bo‘lishi mumkin

Elatib o‘tamiz, bir necha kun oldin “Xalq so‘zi” nashrida “Oila” ilmiy – amaliy markazi mutaxassisi Gulnora Ishanxanova bilan intervyu chop etilgan edi. Unda mutaxassis “Nikoh shartnomasi oilani mustahkamlaydi, agar ajralishga to‘g‘ri kelsa - ko‘plab mojarolardan saqlab qoladi”, - degan fikr bildirgan edi.

Ushbu maqola chop etilganidan so‘ng “Sputnik” sahifalarida “nikoh shartnomalari majburiy bo‘lishiga qanday qaraysiz” mavzusida so‘rov o‘tkazildi. Bugungi kunda ushbu so‘rovda 260 dan ortiq kishi ishtirok etgan.

So‘rov natijalariga ko‘ra, Sputnik mushtariylarining 75 %dan ortig‘i nikoh shartnomalarini majburiy qilish borasida ijobiy  fikr bildirgan. Ularning fikriga ko‘ra nikoh shartnomasini imzolash – yoshlarning javobgarlik burchini oshirish va ikkala tomon huquq va majburiyatlarini tenglashtirishga xizmat qiladi.