TOShKENT, 18 fev – Sputnik. O‘zbekiston internet tezligi reytingida o‘tgan yilga nisbatan mobil internet bo‘yicha 18 pog‘ona simli internet bo‘yicha 23 pog‘ona pastga tushdi, deb xabar qilmoqda “Xalq so‘zi” nashri Speedtest.net saytiga asosan.
Irlandiyaning Ookla kompaniyasiga qarashli Speedtest.net internet-servisi Speedtest Global Index har oylik reytingni e’lon qildi. Unda 2019-yil yanvar oyi yakunlari bo‘yicha butun dunyo bo‘yicha mobil va simli internet tezligi bo‘yicha ma’lumotlar chop etildi.
Mobil internet tezligi bo‘yicha O‘zbekiston 137 davlat ichida 129-o‘rinni egalladi (8,80 Mbit/s). Bu o‘tgan yil so‘nggidagi ko‘rsatkichdan 18 pog‘ona pastroq sanaladi. Simli internet tezligi bo‘yicha mamlakat 177 davlat orasidan 131-pog‘onada qayd etildi (11,31 Mbit/s). Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston naq 23-o‘rin pastga tushib ketdi.
Qayd etib o‘tish kerak, mazkur kompaniya yangi yildan reytingga shu paytgacha ro‘yxatga kiritilmagan davlatlarni ham qo‘shgan. Bu o‘z navbatida O‘zbekistonning pozitsiyalariga ta’sir ko‘rsatgan.
Umumjahon reytingiga nazar solsak, simli internet bo‘yicha dunyoda yetakchi mamlkatlar Singapur – 197, Gonkong – 169, Islandiya – 159, Monako – 152 Mbit/s. AQSh – 111 Mbit/s (8 o‘rin).
MDH mamlakatlari orasida Rossiya – 47 Mbit/s (46 o‘rin), Ukraina - 41 Mbit/s (51 o‘rin), Belarus - 38 Mbit/s (52 o‘rin), Qozog‘iston – 31 Mbit/s (61 o‘rin), Qirg‘iziston – 20 Mbit/s (92 o‘rin).