Farg‘onada rostdan ham dinozavr qoldiqlari topilganmi – mutaxassis izohi

O‘zbekiston Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev dinozavr qoldiqlari deb taxmin qilinayotgan topilma bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Sputnik

TOShKENT, 18 fev — Sputnik. O‘zbekiston Davlat geologiya muzeyi direktori Ahmadjon Ahmedshayev “Xalq so‘zi” nashriga bergan intervusida mazkur suyaklar dinozavrniki emasligiga ishonishini ma’lum qildi.

Ahmadjon Ahmedshayevning ma’lum qilishicha,  mavzu davrimizdan 130 — 180 million yillar muqaddam yashagan dinozavrlar haqida ketapti. Mazkur davrdagi suyak qoldiqlari toshga aylanmagan bo‘lsa, bizgacha yetib kelmaydi. Chunki yillar suroni, geografik o‘zgarishlar, tabiiy ofatlar, iqlim o‘zgarishlari uni yo‘q qilib yuboradi. Toshlarga esa bu kabi hodisalarning ta’sir qilishi qiyin. Rishton tumanidagi suyak qoldiqlarining shundoqqina pol ostidan sof suyak holida topilishi shu jihatdan ilmiy asossizdir.

Rishtonda dinozavr qoldiqlari topildi - foto

Shuningdek, dinozavr suyaklariga baho berishda bizning ilmiy tildagi 60 million yillardan dalolat beradigan bo‘r qatlam, yura davri qatlamlari bo‘lishi kerak.

Uning fikricha, suyak qoldiqlari mushuksimonlar oilasiga taalluqli hayvonga tegishlidir. Yaydoq cho‘l hududi bo‘lganligi uchun bu bundan ikki-uch asr oldin, balki undan ham ko‘proq yillarda yashagan cho‘l mushugi, qamish mushugining suyak qoldiqlari bo‘lishi mumkin.

Ahmedshayev Farg‘ona davlat universitetining zoologiya kafedrasi mutaxassislari, professor va fan nomzodlari mazkur hodisaga nisbatan o‘zlarining ilmiy xulosalarini berishi kerakligi ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq  Rishton tumani, Yangiyo‘l qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘z uyini qayta ta’mirlash va rekonstruksiya qilish jarayonida uyning eski pol ostidan noan’anaviy ko‘rinishdagi hayvon qoldiqlariga duch kelgani haqida xabar qilgan edik.