Test sinovlarida jiddiy o‘zgarishlar: prezident qarori loyihasi tayyorlandi

“Amaldagi tartibni o‘zgartirgan holda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish”, - deyilgan hujjat loyihasida.
Sputnik

TOShKENT, 16 fev  — Sputnik. “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.

Abituriyentlar imtihon natijalarini Telegram orqali bilishlari mumkin

Hujjat loyihasiga ko‘ra:

2019/2020 o‘quv yili qabulidan boshlab:

- amaldagi tartibni o‘zgartirgan holda oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish test sinovlarini iyul-avgust oylarida o‘tkazish;

- eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3-yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish hamda ularga uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish;

2020/2021 o‘quv yili qabulidan boshlab:

- test fanlari majmuasini ikki bo‘limga ajratib, 1-bo‘limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan – ona tili, matematika va O‘zbekiston tarixi, 2-bo‘limga da’vogarlik qilinayotgan ta’lim yo‘nalishiga mos ikkita fanni kiritish;

- yoshlarning ona tili bo‘yicha savodxonligini oshirish va aniqlash maqsadida yozish ko‘nikmalarini baholash uchun “O‘zbek tili”, “Rus tili”, “Qoraqalpoq tili” fanlari bo‘yicha alohida sinovlarni tashkil etish.

Shuningdek:

- abituriyentlarning test sinovlari va tanlovda ishtirok etishi uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi;

Toshkentda 12-martdan YHXBning yangi imtihon olish va qayd qilish bo‘limi ishga tushadi

- oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorida yig‘im undiriladi. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul asosda o‘tkaziladi;

- test o‘tkazilgan kunning ertasiga abituriyentning fanlar bo‘yicha test sinovidan umumiy to‘plagan ballari Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

- abituriyentning sinov natijasi bo‘yicha olgan bali tavsiya etishga yetarli bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi (ta’lim yo‘nalishi)da o‘qish imkoniyati yaratiladi;

- o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi test topshiriqlari faqat lotin alifbosida tayyorlanadi.