Hayot yo‘li
Bobur 1483-yili 14-fevralda Andijon shahrida, Farg‘ona ulusining hokimi Umarshayx Mirzo va asli chingiziylardan bo‘lgan malika Qutlug‘ Nigor Xonim oilasida dunyoga keladi. “Bobur” so‘zi forsiy tilidan “babr”, ya’ni “bars”,“yo‘lbars” degan ma’noni bildiradi. Boburning otasi Umarshayx Mirzo Sohibqiron Amir Temur avlodidan. Amir Temurning uchinchi o‘g‘li Mironshoh Mirzoning evarasi bo‘lgan. Boburning onasi Qutlug‘ Nigor-Xonim mo‘g‘ul xonlaridan biri Yunusxonning qizi bo‘lgan.
Portret Zaxiriddina Muxammada Babura
© Sputnik
Barcha shahzodalar singari Zahiriddin Muhammad Bobur ta’lim va tarbiyani otasining saroyida oladi. Biroq otadan juda erta yetim qoladi. 1494-yili Umarshayx Mirzo baxtsiz hodisa tufayli vafot etadi. 12 yoshida Bobur otasining o‘rniga taxtga o‘tirishga majbur bo‘ldi. U hukmdor bo‘lgan dastlabki yillarda Temuriy shahzodalar o‘rtasida toju taxt uchun ayovsiz kurash avj oladi. Yosh Zahiriddin Andijon taxti uchun amakisi Sulton Ahmad Mirzo hamda ukasi Jahongir Mirzo bilan kurashishiga to‘g‘ri keladi. Bobur ukasi bilan murosaga kelishga harakat qiladi Jahongir Mirzoga Farg‘ona ulusini ikkiga taqsimlab, yarmini topshiradi. O‘zi esa Samarqand uchun bo‘layotgan kurashlarga kirishadi.
Kurashlar hech qanday natija bermaydi, unda katta harbiy kuchga ega bo‘lgan Shayboniyxonning qo‘li baland keladi. Bobur Samarqandni tashlab ketadi. Biroq Shayboniyxon 1504-yili Andijonni ham qo‘lga kiritadi va Bobur janub tomon bosh olib ketishga majbur bo‘ladi. Kobul ulusida o‘z hokimiyatini o‘rnatadi. 1505-1515 yillar davomida u Markaziy Osiyoga qaytishga harakat qiladi, biroq bu urinishlaridan ham hech narsa chiqmaydi.
Bobur o‘z mavqeyini tiklash maqsadida 1519-1525 yillarda Hindiston uchun bir necha bor janglar olib boradi. 1526-yil Panipatda Hindiston sultoni Ibrohim Lo‘di bilan jang qiladi. 1527-yili esa Chitora hokimi Rano Sango bilan kurashadi. Ikki kurashda ham Boburning qo‘li baland keladi. Shu tariqa Bobur Hindistonda o‘z hokimiyatiga asos soladi. Bobur asos solgan sulola tarixda eng yirik sulolalardan biri bo‘lib, uning avlodlari 350-yildan ortiq Hindistonga hukmronlik qiladi.
Bobur hukmronligi davrida Hindiston gullab-yashnaydi. Adabiyot, san’at, shaharsozlik rivojlanadi. Uning o‘g‘illari va avlodlari davrida Hindiston qudratli mamlakatlardan biriga aylandi. Boburning avlodlari bobosining bunyodkorlik ishlarini munosib davom ettirishadi. Mamlakatda mukammal ma’naviy-ruhiy muhit vujudga keladi. Hindiston tarixida Boburning ahamiyati nihoyatda katta. Yirik hind olimi Javoharla’l Neru u haqida shunday deydi: “Bobur Hindistonga kelgandan keyin katta siljishlar yuz berdi va yangi rag‘batlantirishlar hayotga, san’atga, arxitekturaga toza havo baxsh etdi, madaniyatning boshqa sohalari esa bir-birlariga tutashib ketdi”.
Bulardan so‘ng Bobur uzoq yashamadi: 1530-yili Agrada 47 yoshida vafot etadi. Rivoyatlarga ko‘ra, Boburning to‘ng‘ich o‘g‘li Humoyun Mirzo og‘ir dardga chalinadi. Bobur uch kechayu uch kunduz Yaratgandan o‘g‘lining dardiga shifo so‘rab, farzandi chekayotgan dardni o‘ziga berishini so‘raydi. Humoyun Mirzo tuzaladi, biroq Zahiriddin Muhammad Bobur ko‘p o‘tmay vafot etadi.
Bobur ijodi
Bobur o‘zbek tarixida tom ma’noda yirik shaxs. Uning tarixchi olim, zukko adib va dilbar shoir sifatida qoldirgan adabiy merosi bebahodir. Bobur hukmdorlik majburiyatlaridan ortib yirik asarlar yozishga muvaffaq bo‘lgan. Uning lirikasi adabiyotdagi o‘ziga xos lirika. Shubhasiz, she’riyatining asosiy mavzuyi Vatan, Vatan sog‘inchi bo‘lgan. Taxt uchun qondosh aka-ukalarning dushman bo‘lib kurashishi, atrofdagi insonlarning xiyonati, vatanini birlashtirolmaganidan so‘ng tortgan azoblari va nihoyat umrining so‘nggigacha Vatan sog‘inchi uning she’riyatiga ko‘chgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu mavzular Bobur g‘azallari, ruboiylarida keng yoritilgan.
Mejdunarodnaya nauchno-prakticheskaya konferensiya "Intellektualnoe nasledie Zaxiriddina Muxammada Babura i sovremennost"
© Sputnik
Shu bilan birgalikda Bobur lirikasida yuksak va oliyjanob insoniy tuyg‘ular, adolatparvarlik, insonparvarlik tuyg‘ularini madh etgan. Xalqda uning:
Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir.
Yaxshi kishi ko‘rmag‘ay yomonlig‘ hargiz
Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidir.
ruboiysi mashhur. Bobur she’riyatini asosan ishqiy mavzudagi asarlar tashkil etadi. Ishqiy g‘azallarda Bobur hazrat Navoiydan ilhomlangan bo‘lsa ajab emas. Bobur she’riyatida axloq va diniy mukammallik masalalari ham ko‘tarilgan. Lirikasining o‘ziga xosligi shundaki, u asarlarini nihoyatda sodda, samimiy, hammaga tushunarli bo‘lgan tilda yozishga harakat qilgan. G‘azal va ruboiylarida balandparvoz so‘zlar, mukammal iboralarni qo‘llamagan. Xususan, bu haqida u o‘z “Boburnoma” asarida ham to‘xtalib o‘tgan: “Ravshan va toza shaplar yordamida, soddaroq yoz: va senga ham, seni xatingni o‘qug‘anga ham oson bo‘ladi”.
O‘zni, ko‘ngul, aysh bilan tutmoq kerak,
Bizni unutqonni unutmoq kerak.
Ayshu tarab gulbunig‘a suv berib,
G‘ussa niholini qurutmoq kerak.
Tiyra turur zuhd damidir ko‘ngul,
Ishq o‘ti birla yorutmoq kerak.
Har nimag‘a ham yema, g‘am ko‘p turur,
Aysh bila o‘zni unutmoq kerak.
Qo‘yma mashaqqat aro, Bobur, ko‘ngul,
O‘zni farog‘at bila tutmoq kerak.
Bobur lirikasi mana shunday nasihatlarga boy, sodda va samimiydir. Shoirning she’riy merosi ko‘pqirrali. U nasrda ham salmoqli ijod qilgan. Boburning barcha nazmiy asarlari “Qobul devoni” so‘ngra “Hind devoni”ga jamlangan. U 1521-yili falsafiy-diniy asari “Mubayyin”ni yozadi. Asarda islom shariatining 5 ustuni, shuningdek “Mubayyinu-l-zakot” soliq chiqimi kitobini yozgan. “Harb ishi”, “Musiqa ilmi” kabi ilmiy asarlar yozgani ma’lum, biroq ular hanuzgacha topilmagan.
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana,
Tiyra bo‘ldi ro‘zg‘orim ul qaro qoshdin yana.
Men xud ul tifli parivashg‘a ko‘ngul berdim, vale,
Xonumonim nogahon buzulmag‘ay boshdin yana.
Yuz yomonliq ko‘rub ondin telba bo‘ldung,ey ko‘ngul,
Yaxshilig‘ni ko‘z tutarsen ul parivashdin yana,
Tosh urar atfol mani,uyida forig‘ ul pari,
Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana.
Oyog‘im etgancha Boburdek ketar erdim,netay,
Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.
Bobur she’rlarining umumiy hajmi 400 dan ortiq. Shulardan 119 tasi g‘azal, 231 tasi ruboiy. Bobur tuyuq, qit’a, fard, masnaviy kabi janrlarda ham asarlar yaratgan.
Uning “Aruz haqida risola” ilmiy asari Sharq tilshunosligida katta ahamiyatga ega. Asarda shoir nutqdagi urg‘uli va urg‘usiz, uzun va qisqa bo‘g‘inlar tizimi nazariyasini boyitgan, uning tasnif va turlarini rivojlantirgan. O‘z qarashlarini arab, fors tojik va turk she’riyati manbalari bilan asoslab bergan. Shu bilan u Alisher Navoiy an’analarini munosib davom ettiradi. Xalq she’riyatiga e’tibor beradi. Ba’zi asarlarida xalq qo‘shiq san’ati haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
O‘lum uyqusig‘a borib jahondin bo‘ldum osuda,
Meni istasangiz, ey do‘stlar, ko‘rgaysiz uyquda.
Nekim taqdir bo‘lsa, ul bo‘lur tahqiq bilgaysiz,
Erur jangu jadal, ranju riyozat barcha behuda.
O‘zungni shod tutqil, g‘am yema dunyo uchun zinhor
Ki, bir dam g‘am yemakka arzimas dunyoyi farsuda.
Zamona ahli ichra, ey ko‘ngul, oyo topilg‘aymu,
Seningdek dard paymovu meningdek dard paymuda.
Ulusdin tinmadim umrimda hargiz lahzae, Bobur,
Magar o‘lsam bu olam ahlidin bo‘lg‘aymen osuda.
Shoh va shoir, shuningdek, badiiy tarjimalar bilan ham shug‘ullangan. Yirik so‘fiy, Bahouddin Naqshbandiyning izdoshi Xoji Ahror Valining “Volidiya” ya’ni “Ota onalar risolasi”ni she’riy ko‘rinishga tarjima qilgan. Arab grafikasi asosida “Xatti Boburiy”ni tuzadi. Ushbu grafika asosida muborak Qur’oni karim hamda Boburning shaxsiy asarlari qayta yozilgan.
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim,
Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.
Jonimdin o‘zga jonni dilafkor ko‘rmadim,
Ko‘nglum kibi ko‘ngulni giriftor topmadim.
Usruk ko‘ziga toki ko‘ngul bo‘ldi mubtalo,
Hargiz bu telbani yana hushor topmadim.
Nochor furqati bila xo‘y etmisham, netay,
Chun vaslig‘a o‘zumni sazovor topmadim.
Bore boray eshigiga bu navbat, ey ko‘ngul,
Nechaki borib eshigiga bor topmadim.
Bobur, o‘zungni o‘rgatako‘r yorsizki, men
Istab jahonni muncha qilib yor topmadim.
"Boburnoma" asari
“Boburnoma” Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiyoti ustuni. Jahon adabiyoti va manbashunosligida muhim va noyob yodgorlik. Eski o‘zbek (chig‘atoy) tilida yozilgan. Asarning “Boburiya”, “Voqeanoma”, “Tuzuki Boburiy”, “Tabaqoti Boburiy”, “Tavorixi Boburiy” kabi ko‘plab nomlari ham ma’lum.
Iz rukopisi "Babur-name".
© Sputnik
Temuriylar tarixi haqida batafsil so‘ylaydigan yirik manba. Asarning o‘ndan ortiq qo‘lozma nusxalari O‘zbekiston fanlar Akademiyasi sharqshunoslik institutida saqlanadi. Ko‘plab dunyoviy, jumladan, fors, ingliz, rus, turk, golland, fransuz tillariga tarjima qilingan. Xususan, asar fors tiliga Boburning nabirasi, yirik hukmdor Akbarshoh amri bilan tarjima qilinadi, unga eng mahoratli hind rassomlari tomonidan miniaturalar chizilgan. Hozirgi vaqtga qadar “Boburnoma” 25 dan ortiq tillarga tarjima qilingan.
Asar voqealari 12 yoshlik kichkina Boburning hukmdor bo‘lganidan boshlanadi. Asar birinchi shaxsdan so‘zlangan bo‘lib, unda Bobur hayotida ko‘rganx-kechirganlaridan tashqari, janglari, yurishlari, qadami yetgan shaharlar va maskanlari haqida qiziqarli ma’lumotlarni qoldiradi.
Mejdunarodnaya nauchno-prakticheskaya konferensiya "Intellektualnoe nasledie Zaxiriddina Muxammada Babura i sovremennost"
© Sputnik
Aytish mumkinki, “Boburnoma” har tomonlama ajib asar. Birinchidan, u avtobiografik-Bobur hayoti, zamondoshlari haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Ikkinchidan, asar o‘sha davr geografiyasi, madaniyatshunosligi, san’ati, hattoki, o‘simliklar olami haqida ham ma’lumotlarga boy. Qiziq jihati shundaki, asarda 1508-yildan 1519-yilgacha bo‘lgan biror voqea kuzatilmaydi. Bu balki muallifning xohishi yoki qo‘lozmaning turli sabablarda yo‘qolgan bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ushbu asar Boburning har tomonlama yetuk, ziyrak, zukko shaxs bo‘lganidan dalolat beradi. Ayniqsa, asardagi hikmatlar qadrlidir. Unda sharqona donishmanlik aks etgan. Masalan: “...har kimdin yaxshi qoida qolg‘on bo‘lsa, aning bilan amal qilmoq kerak”, “agar ota yomon ish qilg‘on bo‘lsa, yaxshi ish bilan badal qilmoq kerak” kabi nasihatlar ham uchraydi.
Boburnoma asosida bir qator badiiy asarlar yaratilgan. Xususan, fransuz adibasi Flora Anna Stilning “Boburxon”, yana bir fransuz adibi Fernard Grenard “Bobur”, amerikalik yozuvchi Harold Lembning “Bobur yo‘lbars” romanlari. Hindistonlik Muni La’l boburiylar tarixiga asoslanib 6 ta roman yozgan. O‘zbek adabiyotida esa Oybek, Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sulton, Xurshid Davron kabi yozuvchilar Boburga atab qissa-romanlar yozgan.
Ayniqsa, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” hamda Boburiy shahzodalar haqida “Avlodlar dovoni” kabi asarlari juda mashhur. Yozuvchi Xayriddin Sulton Bobur qadami yetgan manzillar haqida qiziqarli roman yozgan. Xurshid Davron “Samarqand xayoli” qissasi, “Bobur sog‘inchi” pyesasini yaratgan. Boburning qizi sharq adabiyotida birinchi tarixchi, olima, adiba Gulbadan-begim “Boburnoma” asarining davomi sifatida “Humoyunnoma” asarini yaratadi. Yana bir boburiyzoda malika Zebunniso ham mumtoz o‘zbek adabiyotida o‘zining nafis g‘azallari bilan mashhur.
Shoir nomini abadiylashtirish maqsadida uning ona shahri Andijonda haykal o‘rnatilgan. Bir qancha maskan va manzillarga Bobur nomi berilgan. Har yili 14-fevral respublika bo‘ylab Bobur tavallud topgan kun keng miqyosda nishonlanadi.