TOShKENT, 13 fev — Sputnik. O‘zbekiston bojxona xizmati organlari tomonidan qadimiyligi 50-yildan oshgan 90 (to‘qson) dona Eron va Afg‘onistonda zarb qilingan tangalar O‘zbekistondan olib chiqib ketilishini oldi olindi.
Xabarda qayd etilishicha, “Termiz-Vnukovo” yo‘nalishida uchib ketayotgan fuqaro Sh.M. “Yashil” yo‘lakdan harakatlanayotganda, belgilangan tartibda bojxonachilar nazoratidan o‘tkaziladi. Natijada, uning qo‘l yuklari orasidan bojxona xodimining og‘zaki so‘rovida aytilmagan va qadimiyligi 50-yildan oshgan 90 (to‘qson) dona Eron va Afg‘onistonda zarb qilingan tangalar borligi aniqlanib, to‘xtatib qolinadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, madaniy boyliklarning olib chiqilishi, vaqtincha olib chiqilishi mumkinligi to‘g‘risida qarorlarni faqat O‘zbekiston Respublikasining Madaniyat vazirligi qabul qiladi.
Mazkur qonunga ko‘ra, davlat tomonidan muhofaza ro‘yxatlari va reyestrlariga kiritilgan, davlat va jamoat muzeylarida, arxivlarida, kutubxonalarida va boshqa saqlash joylarida doimiy saqlanayotgan, shuningdek, ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas.