Afrika tuyaqushlari O‘zbekistonda ko‘paymoqda

Tuyaqush terisidan qimmatbaho mahsulotlar olinadi, tirnog‘idan esa brilliant va olmos tozalaydigan kukun, patidan par yostiq tayyorlanadi.
Sputnik

TOShKENT, 13 fev – Sputnik. Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi “Mega invest status” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahalliy sharoitda Afrika tuyaqushlarini parvarishlamoqda, deb xabar qildi O‘zA.

O‘zbekiston ilk bor tuyaqush terisidan tikilgan poyabzallarni eksport qiladi

Qayd etilishicha, o‘tgan yili ish boshlagan va 8 kishi mehnat qilayotgan jamiyatda tuyaqushlar bosh sonini ko‘paytirish maqsadida zamonaviy inkubatorlar tashkil etilib, tuyaqush jo‘jalarini ochirishni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.

“Mega invest status” MChJ rahbari Bahodir Oripovning ta’kidlashicha, tuyaqush go‘shti dunyo bozorida o‘zining mazasi, xolesterini kamligi, parhezbopligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, uning terisidan qimmatbaho mahsulotlar olinadi, tirnog‘idan esa brilliant va olmos tozalaydigan kukun, patidan par yostiq tayyorlanadi.

“Shu bois, kelgusida ushbu mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish maqsadida zamonaviy texnika va texnologiyalar sotib olamiz”, - deydi u.

Shuningdek, tumanda joriy yil ikkinchi choragida “Markana” MChJ tomonidan ham 10 ming bosh tuyaqush keltirish rejalashtirilmoqda. Ushbu loyiha ishga tushirilgach, 400 ish o‘rni yaratiladi.