TOShKENT, 11 fev — Sputnik. Kaliforniyaning Fullerton shahrida haydovchi avtomobilni bir guruh yo‘lovchilar ustiga qarab haydashi oqibatida o‘n kishi shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda mahalliy politsiya Twitter᾽dagi sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hodisa yakshanba kuni sodir bo‘lgan. Qizil “Toyota Tacoma” avtomobilini boshqarayotgan haydovchi trotuarga kirib, bir guruh yo‘lovchilarga jarohat yetkazgan. Shunday so‘ng avtomobil daraxtga borib urilgan.
Hodisa joyiga yetib kelgan politsiya xodimlari yonib ketgan avtomobil ostidan odamlarni qutqarishga muvaffaq bo‘lishdi. 18 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan jarohatlangan fuqarolar mahalliy shifoxonaga yotqizilgan. Ularga turli darajadagi og‘ir jarohat tashxisi qo‘yilgan. Ba’zilarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Shuningdek, 3 ta avtomobilga ham zarar yetkazilgan.
Dastlabki xabarlarga ko‘ra, avtomobil haydovchisi 22 yoshli Kristofer Solis va u Anaxaym shahrida istiqomat qiladi. Politsiya taxminiga ko‘ra, Kristofer transport vositasini giyohvand moddalari ta’siri ostida boshqargan.
Hozirda haydovchi qo‘lga olingan va hodisa tafsilotlari o‘rganilmoqda.