Bojxonachilar yirik miqdorda televizorlar kontrabandasini fosh qilishdi

Ushbu kontrabanda maxsulotlarini O‘zbekiston hududida tushirib qoldirish rejasi fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida jinoiy guruh a’zolari o‘zbek bojxonachilariga to‘qqiz ming AQSh dollar pora taklif qilishgan.
Sputnik

TOShKENT, 9 fev - Sputnik. O‘zbekiston bojxona xizmati organlari tomonidan respublika 3 mlrd. 816 mln so‘mlik televizorlarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib kirilishining oldini olishga muvaffaq bo‘lishdi.

Bojxona qo‘mitasida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Noqonuniy tovarlar Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining "Yallama" chegara-bojxona postida qo‘shni davlat fuqarosi boshqaruvidagi yuk avtotransportida aniqlangan.

O‘zbekistondan go‘yoki tranzit tarzida o‘tayotgan mazkur yuklar hujjatlarida avtotransportga qiymati 17 ming AQSh dollaridan oshiq bo‘lgan 2482 dona televizorlar va 200 dona issiqlik radiatorlari ortilgani qayd qilingan.

Ammo, chegaradan chiqib ketish davomida bojxona organlariga taqdim qilinishi lozim bo‘lgan soxta hujjatlarda esa issiqlik radioatorlari 100 taga kamaytirib ko‘rsatilgan, televizorlar o‘rniga esa kulolchilikda qo‘llaniladigan materiallar, ko‘rpa-to‘shaklar va turli g‘iloflar borligi aks ettirilgan.

"Hujjatlardagi nomuvofiqliklarga oydinlik kiritish maqsadida mazkur yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unga 4 turdagi 2680 dona chet elda ishlab chiqarilgan televizorlar ortilgani aniqlandi. Ularning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 3 mlrd. 816 mln. so‘mni tashkil qilmoqda", - deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda 2019-yil 1-yanvardan boshlab bojxona yig‘im stavkalari o‘zgaradi

Jinoiy guruhning hiylasiga ko‘ra respublika hududidan go‘yoki tranzit tarzida o‘tkazilayotgan mazkur televizorlar aslida ichki hududda tushirib qoldirilishi va ularning o‘rniga chiqib ketishda boshqa tovarlar ortilishi rejalashtirilgan.

Ushbu kontrabanda maxsulotlarini O‘zbekiston hududida tushirib qoldirish rejasi fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida jinoiy guruh a’zolari o‘zbek bojxonachilariga to‘qqiz ming AQSh dollar pora taklif qilishgan. Ammo, ularning bu nayrangi ham naf bermagan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

Shuningdek, jinoiy guruhning qolgan a’zolarini ham fosh qilish va ularga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash yuzasidan tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda, deb xabar qiladi Bojxona qo‘mitasi matbuot-xizmati.