TOShKENT, 7 fev – Sputnik. Toshkentning 6 ta tumanida tungi reydlar davomida IIBB xodimlari tomonidan fohishalik bilan shug‘ullanishda gumon qilingan 74 nafar ayol qo‘lga olindi.
IIBB xabariga ko‘ra, profilaktik tadbirlar davomida ikki kun ichida fohishalik bilan shug‘ullanishda gumon qilingan 74 nafar ayol qo‘lga olingan.
Yashnobod, Bektemir, Mirobod, Yunusobod, Uchtepa va Chilonzor tumanlarida 4-fevraldan 5-fevralga o‘tar kechasi 34 nafar, 5-fevraldan 6-fevralga o‘tar kechasi esa 40 nafar ayol qo‘lga olingan. Ularning 11 nafari avval 190-modda (“fohishalik bilan shug‘ullanish”) bilan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Bundan tashqari, 40 nafar ayoldan 30 nafari avval turli qoidabuzarliklar uchun ichki ishlar bo‘limlariga olib borilishgan.
Barcha qo‘lga olingan ayollar IIBga olib borilib, ularning shaxsi tasdiqlangan. O‘sha yerda ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
U yerda ayollarga ishga joylashishda va turar-joy muammosini hal qilishda yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, ayollarni o‘z avtomobillarida fohishalik bilan shug‘ullanish uchun olib borib yurgan 4 nafar erkak ham qo‘lga olingan. Ularga nisbatan tegishli hujjatlar tuzilgan.