O‘zbekistonda harbiy xizmatga chaqiruv vaqti o‘zgarishi kutilmoqda

Aksariyat holatlarda noqulay ob-havo sharoiti mamlakatning uzoq hududlarida yashovchi fuqarolarni o‘z vaqtida chaqiruv va yig‘in punktlariga yetib kelishlariga to‘sqinlik qilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 06 fev – Sputnik. Harbiy xizmatga chaqiruv tadbirlarini yilning fevral—mart oylarida o‘tkazilishi chaqiruv va yig‘in punktlari xonalarida belgilangan issiqlik haroratini ta’minlashda qator qiyinchilik va sarf-harajatlarning ortishiga olib kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Harbiylar uchun yangi kiyim bosh eskizlari paydo bo‘ldi

Ta’kidlanishicha, aksariyat holatlarda noqulay ob-havo sharoiti mamlakatning uzoq hududlarida yashovchi fuqarolarni o‘z vaqtida chaqiruv va yig‘in punktlariga yetib kelishlariga to‘sqinlik qilmoqda. Shuningdek, qish mavsumidagi yo‘llar holati olis hududlarda yashovchi fuqarolarning chaqiruv tadbirlarida to‘liq ishtirok etishini qiyinlashtirmoqda.

Harbiy xizmatga chaqiruv bahor oylariga ko‘chirilishi mumkin

“Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va sohaga oid meyoriy hujjatlar ijrosini ta’minlash,
2019-yil chaqiruvini sifatli o‘tkazish hamda fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida Mudofaa vazirligi, harbiy okruglar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda bir qancha ishlar amalga oshirildi.

“Chaqiruv davrining qish mavsumidan bahor mavsumiga o‘tkazilishi natijasida muddatli harbiy xizmat va safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirishga doir sarf-xarajatlarni kamaytirish hamda noqulay ob-havoda kutish punktlarida ularni kuzatish uchun kelgan ota-onalarga qulayliklar yaratib beradi”, - deyiladi xabarda.

Chaqiruv tadbirlarini o‘tkazish davrida yildan yilga takrorlanib kelayotgan kamchiliklar va yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan ortiqcha sarf-harajatlar hamda eng avvalo, fuqarolarga qulayliklar yaratishni inobatga olgan holda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining 2018-yil 28-noyabrda o‘tkazilgan kengaytirilgan tarkibdagi yig‘ilishida O‘zbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tomonidan fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga chaqirish va belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan fuqarolarni zaxiraga bo‘shatish muddatini yilning fevral-mart oylaridan mart-aprel oylariga o‘tkazish taklifi berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari uchun yangi ko‘rinishdagi, zamonaviy, qulay va ixcham kiyim-boshlar yaratilayotgani haqida xabar bergan edik.