Tolibon: AQSh aprel oyigacha Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining yarimini olib ketishga va’da berdi

“Tolibon” harakati vakili Muallavi Xanafiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh aprel oyigacha Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining teng yarimini olib chiqib ketishga va’da berdi.
Sputnik

TOShKENT, 6 fev – Sputnik. Muzokaralar davomida AQSh aprel oyigacha Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarining teng yarimini olib chiqib ketishga va’da berdi. “Tolibon” harakati vakili Muallavi Abdusalam Xanafi ma’lum qildi.  

“Ha, amerikaliklar bizga AQSh fevral oyidan boshlab, aprel oyiga qadar Afg‘onistondan o‘z harbiylarining teng yarmini olib chiqib ketishini aytishdi”, - dedi jurnalistlarga Tolibon delegatsiyasi vakili Moskvada o‘tkazilgan anjumanda.

Toliblarga ko‘ra, Afg‘onistonning keyingi hukumati islomiy bo‘ladi

"Tolibon" harakati vakilining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar AQSh harbiylari Afg‘onistonni tark etgach mamlakatda islom hukumati, islom konstitutsiyasini shakllantirishga rozilik bildirganlar.

2001 yildan berish Afg‘onistonda AQSh o‘z qo‘shinlarini joylashtirgan. Ular shu yerda “Islom davlati” terrorchilik uyushmasi va “Tolibon” harakatiga qarshi operatsiyalarni o‘tkazishmoqda.

Yanvar yakunida AQSh prezidenti Donald Tramp agar mamlakatda vaziyatni tartibga solish bo‘yicha tinchlik kelishuvlariga erishilsa AQSh o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga tayyor ekanligini ma’lum qilgandi.