Tungi klub, restoran va kafelarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari tayyorlandi

Ichki ishlar vazirligi ko‘ngilochar savdo obyektlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida qaror loyihasini tayyorladi.
Sputnik

TOShKENT, 4 fev – Sputnik. Ichki ishlar vazirligi “Ko‘ngilochar savdo obyektlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” hukumat qarori loyihasini tayyorlab, umumiy muhokamaga qo‘ydi.

Toshkentda "Aurum 898" klubi qo‘riqchilari ustidan sud boshlandi

Qaror loyihasiga ko‘ngilochar savdo obyektlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari to‘g‘risidagi nizom ilova qilingan.

“Nizom sutkaning tungi vaqtida faoliyat ko‘rsatuvchi ko‘ngilochar savdo obyektlarida fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga bo‘lgan tahdidlarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etishga, ularni qo‘riqlash-yong‘indan saqlash va xavf-xatar signalizatsiyalari vositalari hamda videokuzatuv tizimlari bilan jihozlashga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi”, - deyilgan qaror loyihasida.

Nizom qoidalari mulkchilik shakllaridan, sotuv hajmidan, inshootning o‘lchamidan va hokazolardan qat’i nazar, sutkaning tungi vaqtida odamlarning dam olishlari va hordiq chiqarishlari bilan bog‘liq tovarlar va xizmatlarni sotishga mo‘ljallangan restoran, kafe, bar, klub, diskoteka, kinoteatr, kompyuter zallari, Internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar va boshqa dam olish joylariga tatbiq etiladi.

Nizomda aytilishicha, ko‘ngilochar savdo obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash va mol-mulkni qo‘riqlash bo‘yicha xizmatlar shartnoma asosida ichki ishlar organlari
yoki qo‘riqlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilishi mumkin.

“Ko‘ngilochar savdo obyektlarining ma’muriyati va xodimlari:

jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik, yong‘in, tabiiy ofat va boshqa favqulodda hodisalar sodir bo‘lganda bu haqda darhol tegishli maxsus xizmatga xabar berishlari;

odamlarni qutqarish, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, birlamchi yong‘in o‘chirish vositalari yordamida yong‘inni o‘chirish yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rishlari;

jinoyat, ma’muriy huquqbuzarlik izlarini, hodisa holatlarini saqlab qolish uchun zarur choralarni ko‘rishlari;

obyektda paydo bo‘lgan jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan
yoki qidirilayotgan shaxslar to‘g‘risida darhol ichki ishlar organiga xabar berishlari shart”, - deyilgan hujjat loyihasida.