TOShKENT, 1 fev — Sputnik. Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom va etika qo‘mitasi (AFC) O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedovni Osiyo kubogining nimchorak final bosqichi doirasida bo‘lib o‘tgan Avstraliya-O‘zbekiston o‘yinidan keyin flesh-interyuga kelmaganligi uchun 10 ming dollar miqdoridagi jarimaga tortdi, deb xabar qildi AFC rasmiy sayti.
Osiyo kubogining pley-off bahsida O‘zbekiston jamoasi penaltilar seriyasida 2:4 hisobi bilan imkoniyatni boy berib qo‘ygan edi. Odil Ahmedov maydonda 120 daqiqa sardorlik bog‘ichini taqib, to‘p surgan edi. O‘yin yakunidan so‘ng futbolchi turnir qonun-qoidalariga ko‘ra bo‘lib o‘tishi shart bo‘lgan flesh-intervyuga kelmagan.
OFK qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Ahmedov 10 ming dollar miqdorda jarima to‘lashi shart. Ushbu summa 30 kun ichida OFK hisob-raqamiga o‘tkazilishi lozim.
Ta’kidlanishicha, Odil Ahmedov yana bir marta shunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, bundan ham jiddiyroq jazoga tortilishi mumkin.
Osiyo kubogi 5-yanvardan 1-fevralgacha BAAda bo‘lib o‘tmoqda. Finalda Yaponiya va Qatar jamoalari o‘zaro kuch sinashadi. 1-fevral kuni bo‘lib o‘tadigan finalga o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov bosh hakam sifatida tayinlangan.