Jizzaxda zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar uchun reabilitatsiya markazi ochildi

Reabilitatsiya markazida ayollar ruhshunos, ijtimoiy soha mutaxassislari hamda huquqshunos yordamini olishlari mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 31 yanv – Sputnik. Bugun Jizzaxda zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarni reabilitatsiya qilish markazi ochildi, deb xabar qilmoqda Anhor.uz nashri.

Markaz O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qaramog‘i ostida faoliyat yuritadi. Markazda 8 nafar katta va 3 nafar bolalar o‘rinlariga ega bo‘lgan yotoqxona ham  tashkil qilingan. Bu yerda jabrlangan ayollar 1 oydan 3 oygacha qolishlari mumkin.

Toshkentda aholining yordamga muhtoj qatlami uchun reabilitatsiya markazi ochilmoqda

Reabilitatsiya markazida ayollar ruhshunos, ijtimoiy soha mutaxassislari hamda huquqshunos yordamini olishlari mumkin.

Ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatuvchi mutaxassislar kerak bo‘lganda ayollarga ular markazni tark etganlaridan keyin ham yordam berishlari mumkin.

Zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar bichuv va tikuv ishlarini o‘rganishlari uchun Markazda tikuvchilik sexi tashkil qilingan. Undan tashqari Markazda issiqxona ham qurilgan. Bu yerda ayollar Markaz oshxonasi va sotuvga chiqarish uchun meva sabzavotlar yetishtirishlari mumkin.

Ushbu Markazga zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollar quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +998 911979494.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining xabariga ko‘ra, bugungi kunda Respublikada 155 dan ortiq zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish Markazlari tashkil etilgan.