TOShKENT, 30 yanv – Sputnik. OFK Osiyo Kubogi finalini boshqarib boradigan hakamlar brigadasini tasdiqladi, deb xabar qildi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi.
1 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan bahsga o‘zbekistonlik Ravshan Ermatov bosh hakam sifatida tayinlangan. Ermatovga qanotlarda Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidov assistentlik qiladi.
Uchrashuv zaxira hakami sifatida xitoylik Ma Ning tanlangan.
VAR tizimini italiyalik Paolo Valeri boshqarsa, unga singapurlik Muhammad Taqi Bin Jahari va avstraliyalik Kristofer Bit yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, hal qiluvchi uchrashuv juma kuni Abu-Dabidagi "Zayed Sports City Stadium"da Yaponiya va Qatar terma jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.