TOShKENT, 30 yanv - Sputnik. Toshkent viloyati aholisiga sifatli temir yo‘l xizmatlari ko‘rsatish maqsadida “O‘zbekiston temir yo‘llari” tomonidan Angren konchilar shahrida zamonaviy temir yo‘l vokzali qad rostladi, deb xabar qilmoqda jamiyat O‘TY matbuot xizmati.
Yangi zamonaviy bino ichida kutish zali, VIP zal, tibbiyot punkti, ona-bola xonasi, bufet, ko‘chma savdo nuqtalari, elektron ma’lumotlar markazi va tablosi mavjud.
Yo‘lovchilarning vaqtlarini tejash maqsadida vokzal hududida temir yo‘l kassasi ham qurilgan. Shuningdek, loyiha doirasida temiryo‘lchi quruvchilar tomonidan uzunligi 250 metr bo‘lgan perron ham yangidan bunyod etildi.
Inshootning isitish va sovutish tizimiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida video kuzatuvlar, shuningdek, yong‘in xavfsizligi uchun maxsus chiqish yo‘laklari ham tashkil etilgan.
Angren vokzali binosining bosh rejasi “Toshtemiryo‘lloyiha” mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan u 100 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.
Yangi bunyod etilgan Angren temir yo‘l vokzali yaqin kunlarda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Endilikda bu yerda uchta mahalliy va bitta xalqaro yo‘nalishdagi poezdlarning to‘xtab o‘tishi rejalashtirilmoqda.