"Korrupsiyani idrok etish indeksi": O‘zbekiston barqarorlikni saqlab qolmoqda

Daniya birinchi o‘rinni egalladi, ikkinchi o‘rin Yangi Zelandiyaga nasib etdi. Uchinchi pog‘onani Finlyandiya, Singapur, Shvetsiya va Shveysariya bo‘lishib oldi.
Sputnik

TOShKENT, 29 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Transparency International xalqaro nohukumat tashkilotining 2018-yil yakuniga ko‘ra reytingida 180 mamlakat ichida 158-o‘rinni egalladi.

Reytingga ko‘ra mamlakatlar 0 dan 100 gacha ball bilan baholanadi. Korrupsiya darajasi qanchalik yuqori bo‘lsa, mamlakat ro‘yxatning shunchalik quyi o‘ringa joylashtirildi.

O‘zbekiston o‘tgan yil 23 ball to‘plagan.  2017-yilda davlat 180 mamlakat orasida 157-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2016-yilda 156-pog‘onadan joy olgandi.

Yetakchi davlatlar qatoriga Daniya (88 ball), Yangi Zelandiya (87 ball), Finlandiya, Shvetsiya, Shveysariya va Singapur (85 balldan to‘plab, uchinchi o‘rinni bo‘lib olishgan) kiritilgan.

Markaziy Osiyo bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich Qozog‘istonda - 124-o‘rin. Turkmaniston 20 ball to‘plab, MDH mamlakatlari orasida eng yomon ko‘rsatgichni qayd etgan – 161-o‘rin. Tojikiston esa 25 ball (152-pog‘ona) to‘plab, oldingi yillarga qaraganda ko‘rsatgichlarini yaxshilagan.

Reyting ro‘yxatining so‘nggi uch pog‘onasidan Somali (10 ball), Janubiy Sudan hamda Suriya (13 ball) o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, Transparency International - korrupsiya bilan kurash va butun dunyo bo‘ylab korrupsiya darajasini o‘rganish bo‘yicha nohukumat xalqaro tashkilot. Tashkilot 1993-yilda tashkil etilgan. Dunyoda jami 100 dan ortiq filiallariga ega.

Tashkilot asosan davlat yordam puli hisobiga, xususan, AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Yevropa komissiya hamda xususiy jamg‘armalar tomonidan moliyalashtiriladi.