TOShKENT, 25 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov Kemp-Shelbi harbiy bazasida “Janubiy zarba” o‘quv mashg‘ulotlarini ilk bor kuzatadi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.
Xabarda keltirilishicha, O‘zbekiston Mudofaa vaziri Abdusalom Azizov boshchiligidagi delegatsiya Amerika tomonining taklifiga binoan 2019-yilning 26-30-yanvar kunlari AQShga tashrif buyuradi.
“Mamlakatimiz Mudofaa idorasi vakillari Kemp-Shelbi harbiy bazasida (Missisipi shtati) “Janubiy zarba” o‘quv mashg‘ulotlarining faol fazasini kuzatib borishadi”, - deyiladi xabarda.
“Janubiy zarba” – Missisipi shtati Milliy gvardiyasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari. Maqsadi – quruqlikdagi, suvdagi va havodagi turli qo‘shin turlarining qo‘shma harakatlarini mashq qilish. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ilk bor mazkur tadbirda ishtirok etmoqda, deya ma’lum qiladi vazirlik.
Shuningdek, harbiy delegatsiya Tampa shahridagi (Florida shtati) CENTCOM bosh qarorgohiga ham tashrif buyurib, uning rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazadi, O‘zbekiston mudofaa idorasi va CENTCOM o‘rtasidagi Harbiy aloqalar rejasida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha fikr almashadi.