TOShKENT, 25 yanv - Sputnik. Toshkent shahrida kommunal xizmatlar sifatini oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish masalalariga e’tibor qaratiladi. Xususan, Yunusobod tumanidagi ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini tajriba tariqasida professional boshqaruv kompaniyalariga o‘tkazish loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Tumanda 1 ming 212 ta ko‘p qavatli uy bor. Rejaga ko‘ra, ushbu uylarga xizmat ko‘rsatish professional boshqaruv kompaniyalariga beriladi. Buning natijasida tizimdagi moliyaviy holatni sog‘lomlashtirish, muammoli kreditlarni hal etish, moddiy-texnik bazani mustahkamlashga erishish ko‘zda tutilgan.
Shunday bo‘lgach, aholi murojaatlari bilan ishlash ham yaxshilanadi, tunu kun ishlaydigan avariya-dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ko‘p qavatli uylarning holati, odamlarning roziligi bu tizimga bog‘liq ekanini ta’kidlab, ushbu tajribani shaharning boshqa tumanlarida ham tatbiq etish, sohaga ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Toshkent shahrida zamonaviy uylar, mehmonxonalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari hamda boshqa inshootlar barpo etish, issiqlik ta’minoti tizimini rivojlantirish, kommunal xizmatlar boshqaruv markazini tashkil etish loyihalari yuzasidan ham tegishli ko‘rsatmalar berildi.