O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘llari bir birlariga chegirmalar taqdim etmoqchi

Har ikki davlat temir yo‘l tarmog‘ida yuk va yo‘lovchi tashishni ko‘paytirish borasida yangi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha fikr almashdi.
Sputnik

TOShKENT, 24 yanv - Sputnik. “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatida “Rohi ohani Tojikiston” davlat unitar korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.  Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda yozilishicha, O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘l tarmoqlari o‘rtasida tranzit yuklarni tashish, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish, uni ta’mirlash borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, o‘tgan 2018-yilda ikki davlat uchun muhim bo‘lgan bir qator yuklarga preferensiyalar berildi, import-eksport tashuvlarda o‘ziga xos chegirmalar taqdim etildi. Shu bilan birga yo‘lovchi tashishda bir qator qulayliklar yaratildi.

“Tadbirda asosiy e’tibor yuk va yo‘lovchi tashish sohasida o‘zaro kelishgan holda ish olib borish, tranzit yuklari hajmlarini oshirishga qaratildi. Shuningdek, 2019-yilda ikki tomondan taqdim etiladigan chegirmalar xususida ham fikr yuritildi”, - deyiladi xabarda.

O‘zbekiston va Tojikiston temir yo‘llari bir birlariga chegirmalar taqdim etmoqchi

Shuningdek, har ikki davlat temir yo‘l tarmog‘ida yuk va yo‘lovchi tashishni ko‘paytirish borasida yangi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha ham so‘z yuritildi. O‘zaro suhbat chog‘ida ushbu masalalar atroflicha muhokama etildi va amalga oshirilishi zarur bo‘lgan eng muhim vazifalar belgilab olindi.  Uchrashuv so‘nggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan yig‘ilish bayonnomasi imzolandi.