TOShKENT, 23 yanv – Sputnik. Kelajak avtomobili qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob oddiy – u elektromobil bo‘lishi kerak!
Ha-ha, kim nima desa desin-u, lekin yaqin kelajakda elektromobillar arzonlashadi va ommaviylashadi. Benzin narxi va insoniyat rivojlanish darajasi – shu bosqichigacha yetib keldi.
Global bozor uchun avtomobillar ishlab chiqaruvchi kompaniya Volkswagen 2019-yilning sentabr oyida o‘zining birinchi ommaviy elektromobilini bozorga chiqaradi. Insideevs uning Janubiy Afrikada suratga olingan birinchi videolavhasini tarqatdi. Bu avtomobil haqiqatdan ham yaqin orada bozorga chiqishga tayyorgarlik ko‘rayotganidan darak beradi.
“Xalq elektromobili”
Volkswagen I.D. deb nomlangan elektromobil konsepti ilk bor 2016-sentabrda Parij Avtomobil ko‘rgazmasida namoyish qilingan edi. Albatta VW brendi oldin ham elektromobillar va gibrid avtomobillar ishlab chiqargan, lekin ular aksariyat hollarda benzinli avtomobillar bazasida yaratilgan kichik seriyali kam sonli avtomobillar edi.
Volkswagen I.D.esa ommaviy ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, boshidan elektromobil sifatida yaratilgan butunlay yangi transport vositasi bo‘ladi.
Yangi transport asosida konsern tomonidan bo‘lajak elektromobillar uchun yaratilgan MEB platformasi yotadi. Unga ko‘ra avtomobil elektrodvigateli orqa qildiraklar orasida joylashgan bo‘lib, akkumlyatorlar batareyalari esa avtomobilning o‘rtasida pol qismida joylashadi.
Benzin dvigateli, uzatmalar qutisi va boshqa qismlarning joyi bo‘shab qolgani tufayli, elektromobilning uzunligini qisqartirish va salonni kengaytirishga imkoniyat paydo bo‘lgan. Natijada, o‘zi o‘rtacha lekin saloni juda keng hamda tor shahar ko‘chalari uchun juda qulay TV yaratishga muvaffaq bo‘lingan.
Elektromobil 170 ot kuchiga ega bo‘lgan elektrodvigatel bilan jihozlanadi. Akkumulyator hajmi e’lon qilinmagan bo‘lsada, uning bir quvvatlanishda 400 – 600 km masfaga yetishi xabar qilingan. Quvvatlanish vaqti esa – 6 soatga yaqin.
Undan tashqari kelajakda Volkswagen I.D.ga o‘z-o‘zini boshqarish funksiyasi ham kiritilishi mumkin. Buning uchun avtomobil konstruksiyasi kerakli zahira imkoniyatlar kiritilgan.
Volkswagen xabariga ko‘ra I.D. Yevropada eng keng tarqalgan VW Golf avtomobili bilan yonma-yon sotiladi va uning narxi ham dizelli Golf bilan bir xil bo‘lishi e’lon qilingan.
Albatta shu vaqtga qadar ham elektrda harakatlanuvchi avtomobillar ko‘plab yartilgan. Masalan, Tesla yoki Nissan LEAF, lekin ular hozircha ommaviylashmagan. Bunga sabablar bir necha. Asosiysi - Tesla juda qimmat, LEAF bir quvvatlanishda 100 km ga yaqin masofaga yuradi xolos.
VW konserni 2025-yilga kelib yiliga bir million dona ana shunday avtomobil sotishni rejalashtirgan. Elektromobillar uchun bu misli ko‘rilmagan raqam.
Kompaniya injenerlari I.D.ning kelajakda Folksvagen Golf va uning o‘tmishdoshi VW Beetle kabi muvaffaqiyatli bo‘lishiga, ya’ni “xalq elektromobili” bo‘lishiga umid bildirishmoqda.