Shavkat Mirziyoyev Bavariya bosh vaziri Markus Zoder bilan uchrashdi

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ilg‘or nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladilar.
Sputnik

TOShKENT, 22 yanv – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Munxen shahrida Bavariya Bosh vaziri Markus Zoder bilan uchrashdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.  

O‘zbekiston prezidenti faxriy mehmonlar kitobiga imzo qo‘ydi.

Uchrashuv avvalida Shavkat Mirziyoyev Markus Zoderni Germaniya Xristan-sotsial ittifoqi raisi etib saylangani bilan tabriklab, uning ushbu yuksak martabadagi faoliyati ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga ko‘maklashishiga ishonch bildirdi. 

Shavkat Mirziyoyev Bavariya bosh vaziri Markus Zoder bilan uchrashdi

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.

O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev Federal prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar davomida o‘zaro anglashuvga erishilgani va hamkorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi. 

Shavkat Mirziyoyev Bavariya bosh vaziri Markus Zoder bilan uchrashdi

Germaniya bilan munosabatlar an’anaviy ravishda ilg‘or va ko‘p tarmoqli xususiyatga ega bo‘lib, hamkorlik sohalarining keng ko‘lamini qamrab oladi. Xususan, ikki davlat o‘rtasida salmoqli shartnoma-huquqiy baza shakllantirilgan.

Bavariya bosh vaziri Markus Zoder Shavkat Mirziyoyevni Munxenda ko‘rib turganidan mamnun ekanini bildirib, Germaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan hujjatlar ikki mamlakat manfaatlariga xizmat qilishi, savdo-iqtisodiy sohadagi samarali va o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘zaro munosabatlarning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lishini qayd etdi. 

O‘zbekistonning Bavariya bilan munosabatlari uzoq tarixga egaligi qayd etildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida ilg‘or nemis texnologiyalarini yanada keng joriy etishdan manfaatdor ekanligini ta’kidladilar.

Germaniya kompaniyasi Toshkentda “Disneylend” qurishni rejalashtirmoqda

Madaniy-gumanitar aloqalar, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda Germaniya kompaniyalari bilan O‘zbekistonda yuqori texnologiyali korxonalar ochish, transport-logistika va turizm infratuzilmasini modernizatsiya qilish, savdo-sotiq va qo‘shma loyihalarni birgalikda moliyalashtirish bo‘yicha amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Bavariya bosh vaziri Markus Zoder prezident Shavkat Mirziyoyevga Germaniya ishbilarmon doiralarining O‘zbekistondagi loyihalari va takliflariga ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli biznes sheriklikdan g‘oyat manfaatdor ekanini qayd etdi. 

Prezident Bavariya bosh vaziriga Germaniya muzeylarida saqlanayotgan O‘zbekiston tarixiy yodgorliklari haqidagi kitob-albomni sovg‘a qildi.