Alisher Usmonov O‘zbekistonga 8 million dollarlik nodir kitoblar kolleksiyasini sovg‘a qildi

Nodir kitoblar orasida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobining ilk lotincha tarjimasi ham bor.
Sputnik

TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Alisher Usmonov Islom sivilizatsiyasi markaziga qiymati 8 million dollarga teng bo‘lgan 4 923 nomdagi nodir kitoblar kolleksiyasini tuhfa qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Alisher Usmonovni Qozog‘iston prezidenti orden bilan mukofotladi

Xabarda yozilishicha, ushbu bebaho kolleksiyadan sharqshunoslik va islom olamining Yevropaga ta’siriga doir XIII asrdan boshlab to hozirga qadar chop etilgan lotin, ingliz, fransuz, nemis tilidagi noyob kitoblar jamlangan, Mavjud 4 923 kitobning ingliz tilidagi katalogi ayni paytda o‘zbek tiliga tarjima qilinmoqda.

“Nodir kitoblar orasida Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobining ilk lotincha tarjimasi ham bor. Shuningdek, o‘ta noyob sanalgan “Musulmon manbaalarini tarjima qilish uchun lotincha-arabcha lug‘at” nomli qo‘llanma ham mavjud”, - deyiladi xabarda.

Avvalroq Alisher Usmonov Moskva muzeyiga noyob qurollar kolleksiyasini sovg‘a qilgani haqida xabar bergandik.