O‘zbekistonda "Bo‘lajak soliqchilar klubi" tashkil etiladi

Endilikda respublikada soliq organlari xodimlari talabalik davridan tanlab olinadi
Sputnik

TOShKENT, 19 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida soliq tizimiga kadrlarni tayyorlash sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi.

Soliqchilarni politsiyaga o‘xshatardik: Moliya vaziri soliq tizimi haqida

Memorandumga ko‘ra 2019-yil 17-yanvar kuni Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi "Bo‘lajak soliqchilar klubi"ga a’zo bo‘lish istagini bildirgan universitet talabalari bilan davra suhbati tashkil etildi. 

Davra suhbatida Davlat soliq qo‘mitasi kadrlar bilan ishlash boshqarmasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati davlat soliq boshqarmalarining kadrlar bilan ishlash bo‘limlari hamda malaka oshirish markazi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda talabalarga "Bo‘lajak soliqchilar klubi" faoliyatini tashkil etish, talabalarni a’zolikka qabul qilish tartibi hamda klub a’zolarining vazifalari, amalga oshiradigan ishlari, huquq va majburiyatlari haqida batafsil tushunchalar berildi.

Tadbir so‘ngida klub ishchi organi vakillari davlat soliq xizmati organlarining mas’ul xodimlarini jalb qilgan holda klubga a’zo bo‘lish istagini bildirgan va universitet rahbariyati tomonidan tavsiya etilgan talabalar bilan suhbat o‘tkazishi va suhbat davomida talabalarning soliq sohasidagi bilim darajasi, dunyoqarashi baholanishi, oliy ta’lim muassasasi tomonidan berilgan tavsifnoma asosida talaba o‘rganilib, keyinchalik davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilish masalasi ko‘rib chiqilishiga kelishib olindi.