O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov vafot etdi

Po‘lat Saidqosimovning janoza namozi 19-yanvar kuni peshin namozi vaqtida Sag‘bondagi masjidda o‘qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 18 yanv – Sputnik. O‘zbekiston xalq artisti Po‘lat Saidqosimov 88 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kun.uz xabar qildi.

Qayd etilishicha, Po‘lat Saidqosimov og‘ir xastalikdan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, aktorning Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan suratga olish ishlari vaqtida tobi qochgan. Shundan so‘ng, u Respublika shoshilinch tibbiy yordami ilmiy markaziga olib kelingan. Bu yerda jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan, jarayon olti soat davom etgan.

Xotira: 2018-yilda kimlarni yo‘qotdik

Po‘lat Saidqosimov 1931-yil 8-oktabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1954). 1954—57 yillar H.Olimjon nomidagi Samarqand teatrida, 1957-yildan Hamza (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama) teatrida aktor bo‘lib ishlagan. 

Po‘lat Saidqosimov teatr sahnasida Po‘lat (O.Yoqubov, “Yurak yonmog‘i kerak”), Abdullatif (“Mirzo Ulug‘bek”), Ilos (Ch.Aytmatov, “Sarvqomat dilbarim”), Edgar (U.Shekspir,”Qirol Lir”), Karimjon (A.Qahhor, ”Ayajonlarim”), Salimboyvachcha (Oybek, ”Qutlug‘ qon”), Avrangzeb ( Uyg‘un, “Zebuniso”) kabi rollarni yaratgan. Kinoda Mahkam (“Muhabbat mojarosi”), Beruniy (“Abu Rayhon Beruniy”), Zavqiy (“Olovli yo‘llar”), G‘afurov (“Ilondan saqlan”), Ilos ota (“Tong otguncha”) va boshqalar; telefilmda Otaqo‘zi (“Diyonat”), Mirzakarimboy (“Qutlug‘ qon”), Muhammad chatoq (“Girdob”), Cherkashin (“Ichkuyov”), To‘g‘onbek (“Alisher Navoiy”), Abdullatif (“Ulug‘bek xazinasi ) kabi bir qancha rollarni ijro etgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston xalq artisti unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Po‘lat Saidqosimovning janoza namozi 19-yanvar kuni peshin namozi vaqtida Sag‘bondagi masjidda o‘qiladi.