Mirziyoyev 20-yanvarda Germaniyaga boradi va Merkel bilan muzokara o‘tkazadi

Kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan. 
Sputnik

TOShKENT, 17 yanv - Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 20-22 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Germaniya Federativ Respublikasida bo‘ladi.

O‘zbekiston Germaniya fuqarolari uchun vizani bekor qildi

Germaniya poytaxti Berlin shahrida Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer, Federal kansler Angela Merkel va Bundestag Raisi Volfgang Shoyble bilan muzokaralar o‘tkaziladi.

Kun tartibidan siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, madaniy-gumanitar, fan-ta’lim va turizm sohalaridagi aloqalarni faollashtirish kabi masalalar o‘rin olgan. 

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi. 

Munxen shahrida O‘zbekiston Prezidentining Bavariya Bosh vaziri Markus Zoder, shuningdek, Germaniyaning yetakchi ishbilarmon va moliyaviy doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida iqtisodiyot, moliya, investitsiya, innovatsiya, ilm-fan, texnika, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlikka oid ikki tomonlama qator hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.