TOShKENT, 17 yanv – Sputnik. Andijonda farmatsevtika sohasida investitsiyalarni jalb etish maqsadida ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zona tashkil etildi, deyilgan prezident farmonida, UzA xabariga asosan.
Prezident farmoni aytilishiga ko‘ra, “Andijon-farm” – erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) tashkil etishdan asosiy maqsad quyidagilar:
- yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonalarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
- eng avvalo, Hindiston Respublikasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
- ichki bozorni mahalliy dorivor o‘simliklar xom ashyosini chuqur qayta ishlash asosida ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to‘ldirish;
- Andijon viloyatida yangi ish o‘rinlarini yaratishdir.
Prezident farmonida, “Andijon-farm” EIZning faoliyat yuritish muddati 30-yilni tashkil etadi va ushbu muddat keyinchalik uzaytirilishi mumkin, deyilgan. Shuningdek, “Andijon-farm” EIZ faoliyat yuritadigan muddat davomida uning hududida alohida soliq va bojxona tartiblari amal qiladi.
Undan tashqari, “Andijon-farm” EIZ direksiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 12-yanvardagi PF–4931-son Farmonining 8-bandi qoidalari tatbiq etiladi.
“Andijon-farm” EIZni tashkil etish haqidagi prezident farmoni bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.